Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Qozogʼistonning Аktyubinsk viloyatiga sabzavot mahsulotlarini eksport qilish masalalari muhokama etildi.
Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasining Qozogʼiston Respublikasi Аktau shahridagi Bosh konsulligi bilan hamkorlikda Qozogʼistonning Аktyubinsk viloyati akimiyati, viloyat Tadbirkorlar palatasi hamda Аktyubinsk viloyatining qator yirik bozor direktsiyalari hamda savdo kompaniyalari ishtirokida Oʼzbekistondan sabzavot mahsulotlarini Qozogʼistonning ushbu viloyatiga yetkazib berish masalalari muhokama etildi.
Tadbirda Qozogʼiston tomonidan Аktyubinsk viloyati akimiyati, bir qator bozorlar direktsiyalari rahbarlari soʼzga chiqib, hozirda Qozogʼistonda uzluksiz taʼminlash zarur boʼlgan ijtimoiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari roʼyxati shakllantirilayotgani hamda bunda Qozogʼistonga qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetkazib berishda Oʼzbekistonning tadbirkorlik subʼektlari bilan oʼzaro hamkorlik qilishga qiziqish mavjudligini maʼlum qilishdi.
Ushbu tadbirda Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi masʼul xodimi Gʼafurjon Usmonov ishtirok etib, Oʼzbekistondan qishloq xoʼjaligi mahsulotlari, shu jumladan, sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatlari mavjudligi, bu borada Savdo-sanoat palatasi Oʼzbekistondan salohiyatli eksporter, agrofirma va savdo kompaniyalarini jalb etishda amaliy yordam berishi, buning uchun Qozogʼiston kompaniyalaridan xarid qilinadigan sabzavotlar turi, ular boʼyicha talab etiladigan mahsulotlar hajmi, xarid qilinadigan narxlari toʼgʼrisida maʼlumot taqdim etilishi, mahsulotni yetkazib berish muddatlari, uni transportirovka qilish usullari hamda boshqa shartlari toʼgʼrisida tijorat soʼrovlari shakllantirilishi lozimligi alohida taʼkidlab oʼtildi.
Shuningdek, tadbirda Аktyubinsk viloyatida faoliyat yurituvchi yirik oziq-ovqat (qishloq xoʼjaligi) mahsulotlari savdo bozorlari direktsiyalari rahbarlari soʼzga chiqib, Oʼzbekistondan qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini xarid qilish borasidagi takliflarini bildirib oʼtishdi.
Tadbir yakunida Аktyubinsk viloyati akimiyati tomonidan Qozogʼiston kompaniyalarining sabzavot mahsulotlari xarid qilish boʼyicha tijorat takliflarini shakllantirib, qisqa muddatda Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasiga salohiyatli eksporterlarni jalb etish uchun yetkazib berilishiga kelishib olindi.
30.07.2021
09:48