SSP Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi binosida zamonaviy minitexnologiyalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining doimiy ko‘rgazmasi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasininig 2020 yil 28 maydagi №271-F sonli farmoyishining ijrosini ta'minlash, viloyatda tadbirkorlik sub'ektlarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish texnologiyalari bilan doimiy tanishtirib borish, ularning faoliyatiga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi huzurida zamonaviy minitexnologiyalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari doimiy ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkil qilingan ko‘rgazmada, Xitoy Xalq Respublikasidagi uskuna va minitexnologiyalar ishlab chiqarishda yetakchi bo‘lgan 19 ta xorijiy kompaniyalarning 200 dan ortiq minitexnologiyalari keltirilgan. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab quvvatlash, aholining tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan qismiga arzon va sifatli ishlab chiqarish texnologiyalari yetkazib berish doimiy maqsadida mazkur ko‘rgazma o‘z faoliyatini doimiy ravishda amalga oshiradi.
Ko‘rgazmani Qashqadaryo viloyat hokimi Z.T.Mirzaev ochib berdi. Ko‘rgazmada viloyat sektor rahbarlari, tijorat banklari, tuman shahar hokimliklari va tadbirkorlar, o‘z tadbirkorligini boshlash istagida bo‘lgan mahalliy aholi vakillari ishtirok etishdi.
Hozirda viloyatimizdagi band bo‘lmagan aholini tadbirkorlikka jalb etish orqali bandligini ta'minlash maqsadida, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar turli yo‘nalishdagi tadbirkorlik kurslari orqali o‘qitilmoqda. Jumladan, palata qoshida tashkil etilgan o‘quv markazi orqali yoshlarni tadbirkorlik kurslariga o‘qitish ishlari ham olib borilmoqda. Ko‘rgazma tashkil etilishi natijasida o‘quv kurslarini tamomlagan bitiruvchilar o‘z hududlarida ustuvor bo‘lgan drayver yo‘nalishlari bo‘yicha tadbirkorlikni boshlashi uchun zarur bo‘ladigan uskuna va minitexnologiyalarni birinchi qo‘ldan olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ko‘rgazmada joylashtirilgan uskunalarni sotib olishning eng e'tiborli tomoni shundaki, taklif etilayotgan uskunalar, mini texnologiyalarning narxlari va sotib olish shartlari barcha turdagi tadbirkorlik sub'ektlari uchun xususan, o‘zining tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarimiz ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarimiz uchun juda hamyonbopligi bilan ularga qulaylik hamda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Jumladan, doimiy ko‘rgazmada quyidagi uskuna va minitexnologiyalar namoyish etilmoqda:
1. Qishloq ho‘jaligi sohasida agromotokul'tivatorlar;
2. Xizmat ko‘rsatish sohasida motosikllar;
3. Tikuvchilik sohasining 10 dan ortiq yo‘nalishida tikuv uskuna va dastgohlari va mashinalari;
4. Umumiy ovqatlanish sohasining 20 dan ortiq yo‘nalishida uskunalar;
5. Go‘sht va oziq ovqat mahsulotlari qiymalagichlari 5 turdan ortiq variantda,
6. Parrandachilik yo‘nalishida inkubatorlar;
7. Lavash, xod-dok, grill tayyorlash uskunalari,
8. Qandolat mahsulotlarini tayyorlash uskunalari;
9. Non va non mahsulotlari pishirish pechlarining 10 dan ortiq turdagi variantlari;
10. Tayyor oziq ovqat maxsulotlarini qadoqlash uskunalarining 10 dan ortiq turlari.
11. Sharbat tayyorlash uskunalarining 10 dan ortiq turlari va boshqalar ko‘rgazma zalidan o‘rin olgan.
Tashkil etilgan ko‘rgazma stendlarida 23 ta tarmoq sub'ektlarining 100 dan ortiq turdagi mahsulotlari va “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxonalar extiyoji uchun o‘zlashtirishga taklif etilayotgan 27 turdagi mahsulotlar haqida ma'lumotlarni xam olish mumkin.
SSP Axborot-xizmati
10.08.2021
09:53