Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 559 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalari faoliyatini tartibga solish hamda iste'mol bozoriga go‘sht va go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 8 maydagi 386-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qarori (ID-47996) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha ilovasida Vazirlar Mahkamasining “Ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalari faoliyatini tartibga solish hamda iste'mol bozoriga go‘sht va go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 8 maydagi 386-son qarori 1-ilovasini 791 – 795-bandlari bilan to‘ldirish taklif qilinmoqda.
Bunda, taklif etilayotgan tahrir bilan parrandachilik sohasidagi korxonalarning faoliyat yuritish tartibini belgilab qo‘yish nazarda tutilmoqda.
Vaxolangki, ushbu qo‘shimchalarni ishlab chiqishga asos bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 iyundagi PQ-5146-son qarori 3-ilovasi 7-bandida “Vazirlar Mahkamasiga parranda so‘yish korxonalariga qo‘yiladigan minimal talablarni nazarda tutuvchi qoidalarni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish” belgilangan.
Ya'ni, parranda so‘yish korxonalariga qo‘yiladigan minimal talablarni belgilash vazifasi nazarda tutilgan bo‘lib, bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 iyundagi PQ-5146-son qarorida belgilangan topshiriqdan chetga chiqish holati kuzatilmoqda.
Bundan tashqari, taklif etilayotgan qo‘shimchalar tadbirkorlik faoliyatini ortiqcha tartibga solish orqali, biznesga ma'muriy bosimning ortishiga sabab bo‘ladi.
Shu bois, loyihada faqat parranda so‘yish korxonalariga qo‘yiladigan minimal talablarni belgilash lozim.
2. Loyiha ilovasida Vazirlar Mahkamasining “Ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalari faoliyatini tartibga solish hamda iste'mol bozoriga go‘sht va go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 8 maydagi 386-son qarori 1-ilovasi 99-bandini quyidagi tahrirdagi uchinchi xatboshi bilan to‘ldirish taklif etilmoqda:
“Ixtisoslashgan so‘yish korxonasidan realizasiyaga (cheklovlarsiz sotish, iste'mol qilish, qayta ishlash va boshqalar) chiqarilayotgan hayvon tanasi (har bir bo‘lagi) bo‘laklariga belgilangan tartibda axborot tizimi orqali shakllantiriladigan QR kod yorlig‘i yopishtiriladi hamda go‘sht veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi tegishli tamg‘a (QR kodli yorlig‘i) bosiladi”.
Biroq, bu shakldagi murakkab talablarning belgilanishi amaliyotda ushbu tartibning ishlamasligiga sabab bo‘lishi hamda loyiha bilan taklif qilinayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar samarasini yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Shu bois, loyihani so‘yilgan go‘sht mahsulotlariga qo‘yiladigan talablarni soddalashtirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish lozim.
16.08.2021
11:46