Mansabdor shaxslarni tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan oʼtkazilgan attestatsiya komissiyalarida Savdo-sanoat palatasi vakillari ham ishtirok etdi
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 noyabrdagi 920-son qarori bilan tasdiqlangan “Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʼtkazish tartibi toʼgʼrisida”gi Nizom bilan nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan oʼtkaziladigan attestatsiyada komissiya aʼzolari tarkibiga Savdo-sanoat palatasi vakillari kiritilishi shartligi belgilangan.
Ushbu Nizom talablaridan kelib chiqib, oʼtgan haftada “Oʼzyoʼlinspeksiya” va Oʼzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasining mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan oʼtkazilgan attestatsiyalarda Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari komissiya aʼzosi sifatida ishtirok etdi.
Mazkur attestatsiyalarda nazorat qiluvchi organlarning 18 nafar xodimlari suhbatdan oʼtkazildi. Shulardan 14 nafariga tekshiruv oʼtkazishga ruxsat beruvchi maxsus guvohnoma berildi, qolgan 4 nafariga maxsus guvohnoma berish rad etildi.
Eslatma: Savdo-sanoat palatasi aʼzosi boʼlgan tadbirkorlik subyektlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʼtkaziladigan tekshiruvlarda tadbirkor manfaatida qatnashish va jarayonni monitoring qilib borish maqsadida Palata va uning hududiy boshqarmalari vakillarini taklif etishi mumkin.
27.08.2021
15:40