2021 yil 6 sentyabr kuni Oʼzbekiston-Bangladesh biznes forumi boʼlib oʼtdi.
Ushbu Forumda Oʼzbekiston Respublikasi Bosh Vazirining oʼrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Savdo-sanoat palatasi raisi Аdxam Ikramov hamda Bangladesh Bosh Vaziring xususiy sektor sanoati va investitsiyalar boʼyicha maslahatchisi Salmon Fazlur Rahmon ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi - ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, tadbirkorlar uchun qoʼshimcha imkoniyatlar yaratishda ikki mamlakat oʼrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash.
Bundan tashqari mazkur tadbirda Bangladesh Bosh vaziri maslahatchisi boshchiligidagi 20 dan ortiq davlat mutasaddilari va ishbilarmon doira vakillari tashrif buyurishdi.
Bugungi Oʼzbekiston-Bangladesh biznes-forumida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʼrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga eʼtibor qaratildi Tadbir boshida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh Vazirining oʼrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov oʼz nutqi bilan soʼzga chiqib, Oʼzbekiston va Bangladesh oʼrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar oʼzaro ishonch va sheriklikning yangi pogʼonasiga koʼtarilayotgani, bu ikki mamlakatning koʼplab sohalardagi birgalikdagi hamkorligini mustahkamlashini taʼkidlab oʼtdi.
Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi raisi А.Ikramov oʼz nutqida Oʼzbekiston va Bangladesh ishbilarmon doiralari bilan bunday muhim tadbirlarni oʼtkazish va hamkorlikning aniq asoslari va maqsadlarini belgilash uchun Ishbilarmonlar kengashini tuzish mamlakatlarimiz oʼrtasidagi oʼzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va yanada rivojlantirish uchun juda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.
Shundan soʼng Bangladesh Bosh vazirining maslahatchisi S.Fazlur Bangladesh mamlakati Oʼzbekiston bilan barcha sohalarda hamkorlik qilishga tayyor ekanligi va bundan mamnun ekanliklarini maʼlum qildi.
Tadbir davomida, ishtirokchilar tomonidan sohalar boʼyicha iqtisodiy imkoniyatlar toʼgʼrisidagi taqdimotlar namoyish etildi. Ishbilarmon doira vakillari oʼrtaisda oʼzaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun ochiq muloqot tashkil etildi.
Maʼlumot uchun: 2020 yil holatiga koʼra, Oʼzbekistonning Bangladesh bilan tashqi savdo aylanmasi qariyb 38 million dollarga etdi va bu 13% oʼsishni koʼrsatdi. Eksport 22,4 million dollarni tashkil etgan boʼlsa, import 15,6 million dollarni tashkil etdi.
Mazkur tadbir davomida Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Bangladesh Savdo-sanoat palatasi federatsiyasi oʼrtasida Ishbilarmonlar kengashini tuzish toʼgʼrisida shartnoma almashildi.
Tadbir soʼngida oʼzbek va bangladeshlik xususiy sektor vakillari ikki mamlakatda oʼz sarmoyasi ishtirokida qoʼshma loyihalarni yanada rivojlantirishga hissa qoʼshish istagini bildirdi.
07.09.2021
10:20