Sayxunobodda 6 ming tonna yogʼ ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ish boshladi
Sayxunobod tumanidagi "Paxtakon" mahallasida "Sayxun gold oil" MChJ tomonidan oʼsimlik yogʼi ishlab chiqarish korxonasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Qiymati 2 mln dollar boʼlgan, yiliga 30 ming tonna paxta chigitini qayta ishlashga moʼljallangan korxonada 6 ming tonna sifatli yogʼ mahsuloti olinadi. Shuni taʼkidlab oʼtish joizki, endilikda yana 70 nafardan ortiq fuqaroning doimiy bandligi taʼminlanadi. Bu esa oʼz-oʼzidan tuman aholisining turmush sharoitini yanada yaxshilashga, ularning daromadini oshirishga hizmat qiladi.
Korxonaning ochilish marosimida viloyat hokimi Gʼofurjon Mirzaev, tuman sektor rahbarlari, viloyat va tuman tashkilot rahbarlari hamda nuroniylar ishtirok etishdi.
Tadbirda viloyat hokimi Gʼofurjon Mirzayev soʼzga chiqib, korxona faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi va bunday loyihalarning ishga tushishi, olib borilayotgan bunyodkorliklar, oʼzgarishlar, yangiliklarning kun sayin ortib borayotganligi yurtimiz ravnaqi yoʼlida nechogʼlik ahamiyatli ekanligi haqida toʼxtalib oʼtdi.
Darhaqiqat, Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi va topshiriqlari asosida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ijobiy natijasini bermoqda. Birgina klaster tizimining joriy etilishi va bu tizim bugungi kunda oʼzini toʼlaqonli oqlab kelayotganini ushbu korxona misolida ham koʼrish mumkin.
08.09.2021
09:47