Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlarning muammolariga yechim topilmoqda.
Prezidentimizning yaqinda tadbirkorlar bilan boʼlib oʼtgan ochiq muloqoti davomi sifatida joriy yilning 12 avgust kuni Qarshi shahrida viloyat hokimi va Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi rahbarining birinchi oʼrinbosari ishtirokda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʼtkazildi.
Muloqot davomida tumandagi tadbirkorlar onlayn qatnashdi.
Viloyat hokimiga murojaat qilgan Dehqonobodlik tadbirkor muammosi bir necha daqiqalar ichida oʼz echimini topdi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirgan Dehqonobodlik tadbirkor Rajimbek Gʼoʼchchiev viloyat hokimi Zoir Mirzaevga murojaat qilib, 2020 may oyida M39 xalqaro avtomobil yoʼli yoqasida “Chori Аshur bobo” xususiy korxonasini tashkil qilib, choyxona ochganini, choyxonasida 4 ta yangi ish oʼrni yaratganini, kelajakda yana yangi ish oʼrinlari yaratish niyati borligini aytib, katta yoʼldan Surxondaryoga oʼtib-qaytayotgan mashinalarning choyxonaga kirishi uchun qayrilib olish yoʼli, yaʼni beton toʼsiqdan yoʼl ochish uchun ruxsat soʼradi.
Viloyat rahbari viloyat avtomobillar yoʼllari boshqarmasi boshligʼiga bu haqda topshiriq berib, ertagayoq tadbirkorga yoʼl ochib berish lozimligini bildirdi.
Xuddi shunday yana bir Dehqonobodlik tadbirkor Vahob Norsafarov viloyat hokimi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori Botir Аhmedovga murojaat qilib, tumanda 168 oʼrinli bolalar bogʼchasi tashkil qilganini, ammo Prezident farmonida tilga olingan subsidiya masalasi hamon hal etilmayotganini aytdi.
Tadbirkorning aytishicha, Prezident farmonida tilga olingan subsidiya masalasi Vazirlar Mahkamasi qarorida tilga olinmagani sabab, Maktabgacha taʼlim vazirligi tadbirkorning oʼz mulkidan tashkil qilgan bogʼchasida faoliyat yurituvi ishchilarining oylik maoshi uchun berilishi lozim boʼlgan subsidiyani bermayapti.
Tadbirkor Vahob Norsafarov Botir Аhmedovga yuzlanib, Maktabgacha taʼlim vazirligi masʼullarini Dehqonobod tumaniga taklif qilishni, u tashkil qilgan bogʼcha faoliyatini oʼrganib, uning muammosiga birgalikda yechim topish taklifini oʼrtaga tashladi.
Botir Аhmedov mazkur taklifga javoban Dehqonobodga shaxsan oʼzi kelishini aytdi.
Shuningdek, Kitoblik tadbirkorlarning ham muammolari tinglandi.
"Panda integro" MChJ rahbari Bahodir Mavlonov "Qishloq qurilish bank"dan xorij valyutasida katta miqdorda kredit olganligi, korxonada ishlab chiqarish jarayonlari jadallik bilan davom etayotganligi, lekin shunday boʼlsada, kredit mablagʼini qaytarish boʼyicha moliyaviy jihatdan qiynalib qolayotganligini bayon qildi.
Shundan soʼng, viloyat rahbari tadbirkorning ayni kundagi ish faoliyatini hisobga olgan holda unga qoʼshimcha ravishda yana muddat berilishi lozimligini taʼkidladi. "Qishloq qurilish bank" tadbirkor uchun kreditni qoplash vaqtini 6 oyga uzaytiradigan boʼldi.
Muloqot davomida yana "Koinot Nur-Ziyo" MChJ rahbari Eshmurodov Sobir tumandagi "Koinot Nur-Ziyo" bozori hududidagi doʼkonlar faoliyatini tiklash uchun kredit mablagʼlari zarurligini aytib oʼtdi. Unga Milliy bank tomonidan 3 mlrd. soʼm miqdorda kredit ajratiladigan boʼldi.
Viloyat hokimi Qarshi shahrining «Magʼzon» mahallasida yashovchi va parranda goʼshti yetishtirish bilan shugʼullanadigan tadbirkor qizga, agar tadbirkorligini kengaytirishni istasa, mahalladagi ayollarni bandligi va ularning daromadlarini oshirishga doir rejasi boʼlsa, tadbirkorga 2 mlrd soʼm kredit ajratilishini va oʼzi bu tadbirkorni shaxsan qoʼllab-quvvatlashini maʼlum qildi.
13.09.2021
11:46