Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 618 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba'zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Qarori (ID-49816) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha 1-ilovasi 1-2, 5, 7-8, 19, 23-24, 27, 44-bandlariga ko‘ra, tadbirkorlik sub'ektlariga berilgan soliq imtiyozlarini bekor qilish belgilangan.
Mazkur o‘zgartirishlar Soliq kodeksi 75-moddasi bilan asoslantirilgan.
Biroq, “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-599-son Qonuni 4-moddasiga ko‘ra, 2020 yilning 1 yanvarigacha qabul qilingan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar amal qiladi.
Ya'ni, loyiha bilan taklif etilayotgan ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuqoridagi Qonun talablariga zid kelmoqda.
Shu bois, loyihadan imtiyozlarni bekor qilishga doir barcha normalarni chiqarib tashlash lozim.
2. Loyiha 1-ilovasi 3-bandi “a” kichik bandiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 5 avgustdagi “Pul mablag‘larining bankdan tashqari muomalasini yanada qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 280-son qarori 2-bandi birinchi xatboshisini quyidagi tahrirda bayon qilish belgilangan:
“Davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda ulgurji va chakana savdoda, umumiy ovqatlanish va pulli xizmatlar ko‘rsatish sohasida savdo va naqd tushumni topshirish qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan sayyor soliq tekshiruvlarini amalga oshirish huquqi berilsin”.
Bunda, yuqoridagi tadbirkorlik faoliyati turlarida savdo va naqd tushumni topshirish qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan sayyor soliq tekshiruvlarini amalga oshirish huquqi berilmoqda.
Aytish joizki, amaldagi qonunchilikda sayyor soliq tekshiruvlarini o‘tkazishning belgilangan talab va qoidalari mavjud. Ya'ni, bunday tekshiruvar yetarlicha asoslar mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.
Shu bois, yuqoridagi normadagi “yuzasidan” so‘zidan keyin “qonunchilikda belgilangan tartibda” so‘zlarini kiritish lozim.
3. Loyiha 1-ilovasi 16-bandiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik sub'ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 40-bandi sakkizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etish belgilangan:
“Quyidagilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun asos bo‘ladi:
....
yuridik shaxsning manzilini o‘zgartirish, shuningdek, yuridik shaxsni boshqa yuridik shaxsga qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish bilan bog‘liq qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda yuridik shaxsning bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan ortiq soliq qarzi mavjudligi yoki amalga oshirilgan tovar aylanma yoxud tovarlar importi bo‘yicha realizasiya hajmining soliq hisobotlarida to‘liq aks ettirilmaganligi, shuningdek, soliq hisobotlarini belgilangan muddatlarda topshirmaganligi;”.
Bunda, yuridik shaxsning soliq qarzi bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan ortiq qilib o‘zgartirilishi (amaldagi qonunchilikda ushbu miqdor bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan ortiq) yetarlicha asoslantirilmagan.
Shuningdek, yuqoridagi normaga yuridik shaxsni boshqa yuridik shaxsga qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish bilan bog‘liq qayta ro‘yxatdan o‘tkazishlarning kiritilishi ham nazarda tutilgan. Ko‘rinadiki, bunda soliq qarzi miqdorining ushbu tarzda keskin o‘zgartirilishi amaliyotda tadbirkorlik sub'ektlariga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bois, yuqoridagi normaning maqsadga muvofiqligi masalasini qayta ko‘rib chiqish zarur.
4. Loyiha 1-ilovasi 18-bandiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 iyundagi “Mahalliy byudjetlarning daromadlar bazasini kengaytirish zaxiralarini aniqlash ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 445-son qarori 1-ilovasi 16-17-bandlariga o‘zgartirishlar kiritish belgilangan.
Unga ko‘ra, bozorlarning tushumlari kamaygan hollarda bozorlarda hamda naqd pul tushumi to‘liq tushishini ta'minlash maqsadida savdo va xizmat ko‘rsatish ob'ektlarida sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 maydagi PQ-5113-sonli qaroriga ko‘ra, yangi tashkil etiladigan dehqon bozorlari va savdo komplekslari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtiroki bekor qilindi.
Ya'ni, bunday bozorlar va savdo komplekslari endilikda to‘liq tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan tashkil etilishi mumkin.
Tadbirkorlik sub'ektlarida esa, sayyor soliq tekshiruvlarini o‘tkazishning alohida tartib-qoidalari amaldagi qonunchilikda belgilangan. Xususan, Soliq kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 yanvardagi “Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash va soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 1-sonli Qarorida sayyor soliq tekshiruvlarini o‘tkazish asoslari va tartibi keltirilgan.
Yuqoridagi bandlarda nazarda tutilgan normalar esa, mazkur hujjatlar talablariga to‘g‘ri kelmaydi.
Shu bois, loyiha 1-ilovasi 18-bandida yuqoridagi normalarni chiqarib tashlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish zarur.
5. Loyiha 1-ilovasi 18-bandiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 iyundagi 445-son qarori 3-ilovasi 21-bandi 3, 5-xatboshilariga o‘zgartirishlar kiritish belgilangan.
Mazkur Xulosa 4-bandida keltirilgan asoslarni inobatga olgan holda, mazkur xatboshilarni chiqarib tashlash zarur.
6. Loyiha 1-ilovasi 49-bandi “a” kichik bandiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 noyabrdagi “Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qo‘llanilishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 943-son qaroriga 1a-ilova kiritilishi belgilangan.
Uning 16-bandida esa:
“Elektron to‘lov tizimini quyidagi hollarda Davlat reestridan chiqariladi:
...;
uning faoliyatiga nisbatan qonun hujjatlari talablari o‘zgarganda;
... – deb belgilangan.
Avvalo, mazkur norma aniq ifodalanmagan, undagi ma'no to‘liq anglashilmagan.
Bu esa, amaliyotda ushbu normani turlicha talqin qilinishiga, turli noaniqlik va chalkashliklarga olib keladi.
Qolaversa, bu kabi mavhum va aniq bo‘lmagan talablarning belgilanishi korrupsiya holatlariga sharoit yaratib berishi mumkin.
Shu bois, yuqoridagi normani chiqarib tashlash lozim.
7. Loyiha 1-ilovasi 72-bandiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 yanvardagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 83-bandini quyidagi tahrirdagi beshinchi-ettinchi xatboshilar bilan to‘ldirish belgilangan:
“Bank plastik kartalari orqali nazorat xaridini amalga oshirishda jismoniy shaxsning shaxsiy bank plastik kartasidan hamda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tijorat banklarida ochilgan korporativ bank plastik kartalaridan foydalaniladi.
Nazorat xaridini amalga oshirishda bank plastik kartalaridan foydalanish tartibini Davlat soliq qo‘mitasi belgilaydi.
Nazorat xaridi jarayonida plastik kartalardan yechilgan pul mablag‘larini qaytarib berish vazifasini nazorat xaridi o‘tkazilgan soliq to‘lovchi zimmasiga yuklanadi”.
Bunda, soliq tekshiruvlarini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan idoraviy normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi nazarda tutilgan.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi PF-5505-sonli Farmoni 7-bandida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish belgilangan.
Shu bois, yuqorida keltirilgan masalalarni yangi bir idoraviy hujjatda emas, balki “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning o‘zida tartibga solish maqsadga muvofiqdir.
8. Loyiha 1-ilovasi 74-bandida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi to‘g‘risida”gi nizom 1-ilovasi 12-bandiga qo‘shimcha kiritilishi belgilangan.
Unga ko‘ra, Kadastr agentligiga mol-mulklarni ko‘chmas mulk jumlasiga kirishi yuzasidan xulosa berish vakolatini taqdim etish nazarda tutilgan.
Ammo, bunda yangicha tartib-taomilni, byurokratik xususiyatdagi yangi bir xujjatni joriy etish belgilangan.
Bunga asos sifatida esa, amaliyotda ko‘chmas va ko‘char mulklarni toifalarga ajratishda nizoli holatlar kelib chiqayotganligi keltirilgan.
Biroq, bunday masalalarni hal etish uchun yangicha hujjatni joriy etish zarurati yo‘q.
Vaholangki, qonunchilikka ko‘chmas va ko‘char mulklarning aniq ajratuvchi belgilarini kiritish orqali mazkur masalalarni tartibga solish mumkin.
Shu bois, loyiha 1-ilovasidan 74-bandni chiqarib tashlash lozim.
23.09.2021
12:18