Hurmatli tadbirkorlar! Savdo-sanoat palatasining joriy yilning 3 choragi mobaynida amalga oshirilgan ishlari va erishilgan natijalar hisoboti shakllantirildi.
Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni qoʼllab-quvvatlash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi yoʼnalishlarda tizimli ishlar amalga oshirilib, qator natijalarga erishilib kelinmoqda. Jumladan 2021 yilining 3 choragida ham Palata va uning hududiy boshqarmalari tomonidan bir qator samarali ishlar amalaga oshirildi.
Taʼkidlash lozimki Palata tomonidan amalga oshirilgan ishlar toʼgʼrisidagi hisobotlar tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etilib kelinmoqda.
Hurmatli tadbirkorlar! Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlik subʼektlari manfaatlarini xuquqiy himoyasini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlarni eʼtiboringizga havola qilishni lozim topdik.
Joriy hisobot davrida Palata rahbariyati oʼzining asosiy eʼtiborini tadbirkorlik subyektlarini, ayniqsa oʼz faoliyatini yoʼlga qoʼyish davrida ularni qoʼllab-quvvatlashning samarali tizimini yaratish, ularning xuquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli muhofazasining kafolatlarini kuchaytirish, xususiy mulk va tadbirkorlikning ustuvor roli va daxlsizligini taʼminlash borasida samarali tizim yaratishga qaratdi.
Eng avvalo, ishbilarmonlik muhitiga taʼsir qiluvchi asosiy faktor boʼlgan tegishli qonunlar va meʼyoriy-xuquqiy hujjatlarni takomillashtirish boʼyicha amaliy ishlar amalga oshirildi:
a) respublikamizda qabul qilinishi koʼzda tutilayotgan normativ-xuquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash toʼgʼrisidagi xulosani berish boʼyicha vakolatli organ sifatida hisobot davri davomida quyidagi ishlarni amalga oshirdi:
jami 145 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari, shundan qonun hujjatlari 31 ta, Prezident farmon va qarorlari 37 ta, Hukumat qarorlari 66 ta va boshqa 11 ta meʼyoriy hujjatlar loyihalari koʼrib chiqildi;
108 ta loyihalar boʼyicha tadbirkorlik faoliyati rivojiga toʼsqinlik qiluvchi yoki cheklovchi meʼyoriy-xuquqiy hujjatlarga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish, shuningdek ularni bekor qilish zaruriyati toʼgʼrisida tavsiyalar bayon etilgan hulosa tayyorlandi hamda qonunchilik va ijro etish hokimiyati organlariga taqdim etildi.
Jumladan,
(1) Oʼzbekiston Respublikasi Qishloq xoʼjaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Аgrosanoat klasterlari va fermer xoʼjaliklari ixtiyoridagi gʼalladan (paxtadan) boʼshagan yer maydonlarini aholiga ijaraga berish tartibi toʼgʼrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori (ID-47611) loyihasi yuzasidan mazkur loyihada yerlarni ikkilamchi ijaraga berishda ortiqcha va keraksiz boʼlgan majburiy talablar belgilanganligi, unda agrosanoat klasterlari va fermer xoʼjaliklari ixtiyoridagi yerlarni, yaʼni ularga berilgan yerlarni davlat tomonidan ikkilamchi ijaraga berish nazarda tutilganligi amaldagi qonunchilik talablariga mutlaqo zidligi bois mazkur loyihani ushbu tahrirda qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi toʼgʼrisidagi xulosa;
(2) Oʼzbekiston Respublikasi Аlkogolь va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Uzumchilikka ixtisoslashgan mahalliy ishlab chiqaruvchi klasterlarga va vino maxsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar ajratish haqida”gi Qarori (ID-49265) loyihasi yuzasidan loyiha bilan uzumchilikka ixtisoslashgan mahalliy ishlab chiqaruvchi klasterlarga va vino maxsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga subsidiya berishning murakkab, bosqichma-bosqich va haddan tashqari byurokratik tartib-taomili belgilanligi, taklif etilayotgan tartib amalda subsidiya berishdan koʼzlangan yengillik samarasini yoʼqqa chiqarib, mazkur normativ-huquqiy hujjatning ishlamasligiga sabab boʼlishi, bu kabi murakkab tartib-taomillar amaliyotda suiisteʼmollik va korruptsiya holatlariga sharoit yaratib, tadbirkorlik subyektlarini korruptsiyaviy munosabatlarga kirishishga undashi sababli loyihani subsidiya berish tartib-taomillarini soddalashtirish hamda elektron amalga oshirish nuqtai nazaridan qayta koʼrib chiqish toʼgʼrisidagi xulosa.
Tadbirkorlik subʼektlari manfaatlarini xuquqiy himoyasini taʼminlash
2021 yil 3-chorak boʼyicha Palata Ijro Qoʼmitasi va hududiy tuzilmalari tomonidan Palata aʼzolari manfaatida jami 99 485 ta holatda umumiy summasi 7,8 mlrd soʼmdan ortiq boʼlgan miqdorda daʼvo arizalari kiritildi.
Shundan, 66 937 ta holatda qanoatlantirilgan, 177 ta holatda qanoatlantirish rad etilgan, 526 ta holatda daʼvo arizalar koʼrmasdan qoldirilgan.
Shu bilan birga, 1 034 ta holatda tadbirkorlik subʼektlari oʼrtasida vujudga kelgan nizolar sudgacha nizoni hal etish jarayonida hal etilgan.
Sud qarorlariga nisbatan Palata aʼzolari manfaatida 172 ta xolatda appelyatsiya va kassatsiya tartibida sudlarga shikoyatlar kiritilgan.
Shuningdek, davlat tashkilotlariga nisbatan hamda ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar ustidan 56 ta holatda sudlarga daʼvo arizasi kiritilgan boʼlib, tadbirkorlik subʼektlarining qonuniy manfaatlari himoya qilingan.
Hurmatli tadbirkorlar kelgusi xabarlarimizda Palata tomonidan ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar va natijalar bilan tanishishingiz mumkin.
15.10.2021
16:16