Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 238 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududida yer munosabatlarini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori (ID-59141) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha ilovalari tegishli bandlariga ko‘ra, kichik sanoat zonalari (keyingi o‘rinlarda KSZ) hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududidagi yerlarni faqat yuridik shaxslarga realizasiya qilinishi belgilangan.
Biroq, bu loyiha ijrochisi tomonidan asoslantirilmagan.
Vaholangki, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 martdagi 134-son qarori bilan tasdiqlangan “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risida”gi Nizomda “KSZ ishtirokchisi — Ma'muriy kengashning qarori asosida KSZ ishtirokchisi maqomini olgan va KSZ hududida ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub'ekti”, deb keltirilgan.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun 4-moddasiga ko‘ra esa, tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari (tadbirkorlik sub'ektlari) belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslardir.
Shu bois hamda talbirkorlik sohasidagi barcha tadbirkorlik sub'ektlariga teng shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish maqsadida loyiha barcha ilovalarida yerlarni nafaqat yuridik shaxslarga, balki tadbirkorlik sub'ekti bo‘lgan jismoniy shaxslarga ham realizasiya qilinishini nazarda tutish lozim.
2. Loyiha 1-ilovasi 8-bandi to‘rtinchi va beshinchi xatboshilariga ko‘ra:
“Er uchastkasini xususiylashtirish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilarning skaner qilingan nusxasi ilova qilinishi kerak:
....
kichik sanoat zonalari hududidagi yer uchastkalari xususiylashtirilayotganda – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ma'muriy kengashining bayonnoma shaklida rasmiylashtirilgan xususiylashtirish to‘g‘risidagi qarori;
yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududidagi yer uchastkalari xususiylashtirilayotganda – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Investisiyalar va tashqi savdo boshqarmalarining loyiha foydalanishga topshirilganligi to‘g‘risidagi yozma xulosalari”.
Loyihaga tushuntirish xatida keltirilishicha, ushbu hujjatlar avval belgilangan ijtimoiy va investisiya majburiyatlari bajarilganligini aniqlashtirish maqsadida talab qilinishi nazarda tutilgan.
Ammo, bunday talablarning qo‘yilishi birinchi navbatda, byurokratik to‘siq va korrupsiya holatlariga sharoit yaratib beradigan holat sifatida baholanishi lozim.
Qayd etish lozimki, investisiya majburiyatlari bajarilganligini boshqa hujjatlar, misol uchun, topshirish-qabul qilish dalolatnomasi orqali ham aniqlashtirish mumkin.
Bundan tashqari, loyiha 3-ilovasi bilan tasdiqlanayotgan yangi tahrirdagi “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risida”gi Nizomdan “investisiya majburiyatlari” chiqarib tashlanmoqda va KSZlaridagi yerlarni realizasiya qilishda investisiya majburiyatlari yuklanmasligi nazarda tutilmoqda.
Ko‘rinadiki, bunda KSZlarining avvalgi va keyingi ishtirokchilari o‘rtasida notenglik yuzaga kelgan. Ya'ni, avvaldan faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga yerlarni hususiylashtirib berishda investisiya majburiyatlari bajarilganligi va buni Ma'muriy kengash qarori bilan tasdiqlash talabi belgilanmoqda. Keyingi realizasiya qilinadigan yerlar uchun esa bunday talablar nazarda tutilmagan.
Shu bois, loyiha 1-ilovasi 8-bandidan to‘rtinchi va beshinchi xatboshilarni chiqarib tashlash zarur.
3. Loyiha 1-ilovasi 13-bandi ikkinchi xatboshiga ko‘ra, “Ko‘rsatilgan yer uchastkasi joylashgan kichik sanoat zonasi yoki yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hududining tasdiqlangan bosh rejasi mavjud emasligi yoki bosh rejasida yer uchastkalarini xususiylashtirishga bevosita monelik qiladigan ma'lumotlarning mavjudligi tuman (shahar) qurilish bo‘limi tomonidan yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish uchun asos hisoblanadi”, - deb belgilangan.
Ko‘rinib turganidek, bunda o‘ta mavhum holatlar yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish uchun asos hisoblanishi nazarda tutilmoqda.
Ta'kidlash joizki, loyiha 1-ilovasida tadbirkorlik sub'ektlariga doimiy foydalanish (egalik qilish) yoki ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini (ya'ni, amalda ishlab turgan va mavjud bo‘lgan ob'ektlarni) xususiylashtirish belgilangan.
Yuqorida keltirilgan “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risida”gi Nizomning 7-bandiga ko‘ra esa, KSZ hududida shaharsozlik faoliyati KSZning bosh rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Ya'ni, KSZ hududida shaharsozlik faoliyati uning bosh rejasi tasdiqlangandan keyin amalga oshiriladi.
Bunda, ushbu holatda KSZning bosh rejasi mavjud emasligi sababli yer uchastkalarini hususiylashtirish rad etiladi, deb belgilash mantiqsizdek ko‘rinadi.
Bundan tashqari, yuqoridagi normada keltirilgan “KSZning bosh rejasida yer uchastkalarini xususiylashtirishga bevosita monelik qiladigan ma'lumotlarning mavjudligi” tushunchasi ham mutlaqo noaniq.
Ya'ni, ushbu tushunchaning belgilanishi orqali amaliyotda istalgan ma'lumotni yer uchastkalarini xususiylashtirishga bevosita monelik qiladigan ma'lumot deb topish mumkin.
Bu esa, o‘z-o‘zidan sohada korrupsiya va suiiste'mollik holatlariga olib kelishi aniq.
Shu sababli, yuqoridagi normani qayta ko‘rib chiqish, undan “tasdiqlangan bosh rejasi mavjud emasligi yoki” so‘zlarini chiqarib tashlash, “er uchastkalarini xususiylashtirishga bevosita monelik qiladigan ma'lumotlarning” qat'iy ro‘yxatini keltirish lozim.
4. Umuman olganda, loyiha 1- va 2-ilovalarida yer uchastkalarini xususiylashtirish va ularni realizasiya qilishni rad etish asoslari aniq belgilanmagan, ya'ni rad etishga sabab bo‘ladigan holatlar qat'iy keltirilmagan.
Bu esa, amaliyotda asossiz holatlarni vaj qilib yer uchastkalarini xususiylashtirish va ularni realizasiya qilishni rad etishga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois, loyiha 1- va 2-ilovalarida yer uchastkalarini xususiylashtirish va ularni realizasiya qilishni rad etishning aniq asoslarini belgilash maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
5. Loyiha 1-ilovasi 18-bandida “Ariza beruvchi to‘lov yuzasidan xabarnomani olgan kundan boshlab o‘n ish kuni ichida yer uchastkasini xususiylashtirish uchun to‘lovni amalga oshirishi zarur”, - deb belgilangan.
Ya'ni, bunda o‘n ish kuni ichida yer uchastkasini xususiylashtirish uchun to‘lovni amalga oshirishi nazarda tutilgan.
Keyingi normalarda esa, ariza beruvchi xususiylashtirilayotgan yer uchastkasini sotib olish qiymatini to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirmagan taqdirda, xususiylashtirish rad etilishi keltirilgan.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 apreldagi “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi PF-101-sonli Farmoni 2-bandiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi asosida auksion orqali sotishda davlat aktivlarini sotishda qo‘llaniladigan uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi tadbiq etilishi belgilandi.
Shu bois, loyiha ilovalarida mazkur tartibni hisobga olgan holda, yer uchastkasini xususiylashtirish uchun to‘lovni uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashni nazarda tutish lozim.
6. Loyiha 2-ilovasi 1-bandiga ko‘ra, “Ushbu Nizom kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolari orqali realizasiya qilish tartibini belgilaydi”, - deb belgilangan.
Ya'ni, bunda yer uchastkalarini faqat mulk huquqi asosida realizasiya qilish nazarda tutilmoqda.
Biroq, loyihani ishlab chiqish uchun asos bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi PF-6243-son Farmonida yer uchastkalari xususiy sektorga — mulk va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolari orqali realizasiya qilinishi belgilangan.
Shu bois, loyiha ilovalarida yer uchastkalarini ijara huquqi asosida ham realizasiya qilish mumkinligini nazarda tutish tavsiya etiladi.
7. Loyiha 2-ilovasi 3-bandi sakkizinchi xatboshiga ko‘ra, “loyiha-qidiruv tashkiloti – “O‘zGAShKLITI” MChJ yoki tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan qonunda belgilangan tartibda jalb qilinadigan boshqa loyiha-qidiruv tashkiloti”, - deb belgilangan.
Bunda, “O‘zGAShKLITI” MChJning alohida ko‘rsatilishi ushbu MChJ uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ustunlikni yaratadi.
Vaholangki, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasi bilan ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi ta'qiqlangan.
Ta'kidlash lozimki, alohida xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga bu shakldagi eksklyuziv huquqlarni berish amalda korrupsiya va suiiste'mollik holatlariga sharoit yaratib, raqobat muhitining keskin yomonlashishiga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 apreldagi “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi PF-101-sonli Farmonida cheklangan sub'ektlarga tadbiq etilayotgan eksklyuziv imtiyoz va preferensiyalarning bekor qilinishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, ushbu tartib-taomil davlat xaridlari hisoblanib, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari asosida amalga oshirilishi lozim.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, yuqoridagi banddan “O‘zGAShKLITI” MChJni chiqarib tashlash hamda loyiha-qidiruv tashkilotini davlat xaridlari tartib-taomillari asosida tanlab olinishini nazarda tutish lozim.
8. Loyiha 3-ilovasi bilan yuqorida keltirilgan “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risida”gi Nizomni yangi tahrirda tasdiqlash nazarda tutilgan.
Biroq, unda mazmunan o‘zaro qarama-qarshi bo‘lgan normalar keltirilgan.
Xususan, yangi tahrirdagi Nizomda “investisiya majburiyatlari” va u bilan bog‘liq normalar chiqarib tashlangan.
Bu esa, o‘z-o‘zidan KSZ ishtirokchisining yer uchastkalarini sotib olganda hech bir majburiyat olmasligini anglatadi.
Keyingi normalarda esa, quyidagilar belgilangan:
11-bandda: KSZ ishtirokchilari tomonidan investisiya loyihalari amalga oshirilishi bo‘yicha monitoring olib borish direksiyaning asosiy vazifalaridan biri ekanligi;
17-bandda: KSZ ishtirokchisi Direksiyaga KSZ hududida amalga oshirilayotgan investisiya loyihasi to‘g‘risida ma'lumotlar (yuridik shaxs ta'sischilari haqidagi ma'lumotlar, investisiya loyihasini ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish sanasini ko‘rsatgan holda amalga oshirish jadvali, yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soni, ishlab chiqarish rejalashtirilayogan mahsulotning nomi, xususiyatlari va hajmlari (quvvati), investisiyalarning rejalashtirilayotgan miqdorlari, turi va kiritish muddatlari, moliyalashtirish manbalari) ni taqdim etishga majburligi;
20-bandda: ishlab chiqarish faoliyatining boshlanishi kechikishiga ob'ektiv sabablar mavjud bo‘lganda, Ma'muriy kengashning qarori asosida investisiya loyihasini amalga oshirish doirasida ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish muddatini uzaytirish KSZ ishtirokchilari huquqlaridan biri ekanligi;
21-bandda: KSZ ishtirokchilari Ma'muriy kengashning talablariga rioya etishga majburligi hamda KSZ ishtirokchilari tarmoq jadvaliga muvofiq investisiya loyihasining amalga oshirilishi to‘g‘risida har oy belgilangan tartibda direksiyaga axborot taqdim etishi lozimligi.
Ko‘rinib turganidek, KSZ ishtirokchisi mulk huquqi asosida o‘zi sotib olgan mol-mulkka o‘z xohishiga ko‘ra egalik qilishi mazkur normalar orqali cheklanmoqda.
Ammo, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida” Qonunning 4-moddasiga ko‘ra, mulkdor o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishiga ko‘ra hamda o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdor o‘z mol-mulkiga nisbatan qonunga zid bo‘lmagan har qanday harakatlarni bajarishga haqli. U o‘z mol-mulkidan xo‘jalik faoliyatini va qonunda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanishi, uni boshqa shaxslarga egalik qilish va (yoki) foydalanish uchun tekinga yoxud haq evaziga berishi mumkin.
Mazkur Qonunning 24-moddasiga ko‘ra esa, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir.
Ko‘rinib turganidek, yuqoridagi normalar o‘zaro nomuvofiq bo‘lishi bilan birga, amaldagi qonunchilik talablariga ham to‘g‘ri kelmaydi.
Shu bois, loyiha 3-ilovasini mazmunan qayta ko‘rib chiqish zarur.
11.04.2022
17:14