Malayziya ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan onlayn videomuloqot bo‘lib o‘tdi.
2022-yil 20-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining Malayziyadagi elchixonasi, Xorijiy investisiyalarni jalb etish agentligi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda Malayziyaning Ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi Saravak viloyati mas'ullari hamda ikki tomon ishbilarmon doira vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda malayziyalik kompaniyalarga Xorijiy investisiyalarni jalb etish agentligining respublikamiz investision salohiyati, istiqbolli loyihalar bo‘yicha, shuningdek Savdo-sanoat palatasi mas'ul xodimi G‘.Usmonov tomonidan O‘zbekistonning eksport salohiyati to‘g‘risida taqdimot qilindi.
O‘z navbatida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Malayziyaning Ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi ko‘magida Malayziyaning farmasevtika, qurilish mahsulotlari, elektrotexnika, charm-poyabzal tarmoqlarida ko‘zga ko‘ringan kompaniyalari bilan global yetkazib berish zanjiri bo‘yicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ular bilan yurtimizda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha investision loyihalarni birgalikda amalga oshirish taklif etildi.
Shu bilan birga Malayziya tomoni qurilish materiallari, oziq-ovqat va plastmassa xom-ashyosini respublikamizdan import qilishga qiziqishi yuqori ekanligi va ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusi investisiya va savdo masalalari bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini kelishib oldilar.
20.04.2022
16:15