Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 267 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar faoliyatini tashkil etish va ma'lumot almashinish reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori (ID-57707) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
Loyiha mazmuniga ko‘ra, gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar faoliyatini tashkil etish va ma'lumot almashinish tartibini tasdiqlash nazarda tutilgan.
Bunda, gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarni tashkil etish, ular faoliyatiga qo‘yiladigan talablar hamda uni monitoring qilish kabi normalar belgilangan.
Umuman olganda, loyiha 1-ilovasida gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirishda yurdik shaxslar uchun ruxsat berish tartib-taomillari nazarda tutilgan.
Unda keltirilgan QR-kodli (matrik shtrixli kod) shartnoma esa mazmunan ruxsat beruvchi hujjat sifatida keltirilgan.
Biroq, “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, ushbu faoliyat lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari tadbiq etiladigan faoliyat turi emas.
Qolaversa, “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risidagi”gi Qonunning 16-moddasiga ko‘ra, gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq maxsus vakolatli davlat organi bilan shartnoma asosida axborot almashishi mumkin, deb belgilangan.
Ya'niki, bunda shartnoma asosida axborot almashish yuridik shaxslar uchun gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirishning yagona shakli, majburiy sharti emas, balki yuridik shaxsning ixtiyoriylik asosidagi huquqi sifatida nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 noyabrdagi PQ–4896-sonli Qarorida esa, gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar faoliyatiga ruxsat berish va ma'lumot almashinish tartibini ishlab chiqish topshirilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyihada ma'lumot almashinish tartibini belgilash va buni ikki tomonlama teng huquqlilik asosidagi shartnoma asosida amalga oshirilishini nazarda tutish zarur.
22.04.2022
11:43