Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida.
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 293 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining “Farmasevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish tizimini tashkil etish to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Buyrug‘i (ID-59974) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 yanvardagi PF-55-son Farmoni (keyingi o‘rinlarda Farmon) ijrosini ta'minlash maqsadida, idoraviy normativ-huquqiy hujjat shaklida ishlab chiqilgan.
Qolaversa, ushbu Farmon ijrosi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirining “Farmasevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish Qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Buyrug‘i loyihasi (ID-59972) ham ishlab chiqilgan.
Avvalo, mazkur Farmonda “Farmasevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish tizimi”ni yaratish hamda “Farmasevtika sohasida muvofiqlikni baholash qoidalarini tasdiqlash bo‘yicha yagona normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.
Shu sababli hamda ushbu loyihalarda keltirilgan masalalar bitta soha doirasida ekanligini inobatga olgan holda, mazkur nizomlarni yagona normativ-huquqiy hujjat bilan tasdiqlash maqsadga muvofiq.
2. Loyiha ilovasida farmasevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirishda akkreditasiyadan o‘tgan sertifikatlashtirish organlari vakolatli organ tomonidan avtorizasiyalashtirilishi lozimligi belgilangan.
Bu bilan yangi turdagi ruxsat berish tartib-taomilini joriy etish nazarda tutilgan.
Biroq, uni joriy etish zarurati loyiha ijrochisi tomonidan asoslantirilmagan, shuningdek bunga sabab bo‘lgan holatlar keltirilmagan.
Vaholangki, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasiga ko‘ra, “Mahsulotlarni sertifikatlashtirishga akkreditasiya qilingan organlar va sinov laboratoriyalari (markazlari) qonunchilikda belgilangan tartibda berilgan akkreditasiya to‘g‘risidagi guvohnoma asosida sertifikatlashtirish faoliyatini hamda sertifikatlashtirish maqsadida sinovlar o‘tkazish faoliyatini amalga oshiradilar”.
Ya'ni, bunga ko‘ra sertifikatlashtirish faoliyatini amalga oshirish uchun faqat akkreditasiyadan o‘tish talab etilgan.
Avtorizasiyalash tartibining joriy etilishi esa, byurokratik to‘siq va g‘ovlarni, haddan tashqari tartibga solish yukini va sohada manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqaruvchi holat sifatida baholanishi lozim.
Shu bois, loyiha orqali avtorizasiyalash tartibini joriy etish mutlaqo maqsadga muvofiq emas.
07.05.2022
09:13