O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi olti mingdan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda
“O‘zekspomarkaz”da energetika jihozlari, elektrotexnika vositalarining XI “UzEnergyExpo – 2016”, qurilish materiallari, isitish va ventilatsiya, suv ta’minoti, mebel va dizayn sohasidagi VI “UzStroyExpo – 2016” xalqaro ko‘rgazmalari ish boshladi.
“O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zqurilishmateriallari”, “O‘zmaxsusmontajqurilish” aksiyadorlik kompaniyalari, “O‘zkommunxizmat” agentligi hamda Toshkent shahar hokimligi hamkorligida “IEG Uzbekistan” ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada o‘ndan ziyod davlatning oltmishdan ortiq kompaniya va korxonasi hamda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmalarning ochilishida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar soni yil sayin ortayotgani, xorijiy kompaniyalarning ko‘rgazmalarda ishtirok etishi yuqori texnologiyali jihozlarning yurtimizga kirib kelishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, mahalliy sanoat korxonalari mahsulotlarining sifati yanada oshishi va assortimenti kengayishiga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
“UzEnergyExpo – 2016” ko‘rgazmasiga mahalliy va xalqaro jihoz ishlab chiqaruvchilar va mutaxassislar tomonidan e’tibor kuchaymoqda. Ma’lumki, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati 2015-2019-yillarda tizimda o‘zgarishlarni ta’minlash, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash dasturi doirasida umumiy qiymati 3,2 milliard dollardan ortiq 13 investitsion loyihani bajarmoqda. Shuningdek, 2020-yilgacha resurstejamli bug‘-gaz qurilmalarini joriy etish va quyosh energiyasidan foydalanishning zamonaviy sinalgan texnologiyalari asosida mavjud quvvatlarni modernizatsiyalash va yangilarini hosil qilish loyihasi amalga oshiriladi.
– O‘zbekistonda eng nozik turdagi mahsulotdan tortib murakkab texnologik jarayonni talab etuvchi barcha turdagi tovarlarni ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilgan, – deydi “Feman” elektr uskunalari va jihozlari zavodining bosh direktori Miodrag Nikolich (Serbiya).– “Vodiyenergiyata’mirservis” jamiyati bilan hamkorligimiz davomida bunga guvoh bo‘ldik. Shu bois bugungi ko‘rgazmaga eng zamonaviy innovatsion ishlanmalarimizni olib keldik. Elektr energiyasini o‘lchovchi va tarqatuvchi shkaflar, 70 foizgacha energiya tejovchi yoritgichlar, xavfsizlik kanallarining turli o‘lchamlari shular sirasidandir.
Ko‘rgazmada Minsk elektrotexnika zavodi(Belarus), “Rosenergoservis”(Rossiya), “ATEF kompaniyalari guruhi”(Ozarbayjon), “EL-Q Uzbekistan”, “Aziyaelektroenergiya”(O‘zbekiston), “SYNECTA Central Asia”(Chexiya) kabi korxonalar transformator ishlab chiqarish bo‘yicha ilg‘or ishlanmalarni taklif etmoqda. Mamlakatimizning “Metal-polymer technologies”, “Metalinvent”, “Green power” kabi korxonalari, Xitoyning “Shenzhen Autoware Science & Technology Co.,LTD kompaniyasining stendlarida yuqori va past voltli jihozlarni ishlab chiqarish sohasidagi zamonaviy ilmiy ishlar namoyish etilmoqda.
– Biz jismoniy va yuridik shaxslarga gaz, elektr va suv hisoblagichlarini yetkazib beramiz, – deydi “Shinavanda savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bobur Umarov. – So‘nggi yangilik sifatida gazning besamar tarqalishi oldini oluvchi uskuna taklif etmoqdamiz. Shuningdek, zamonaviy gaz o‘lchovchi elektron hisoblagichni mahalliylashtirish chorasini ko‘rayotirmiz. Mahsulotlarimizga ko‘pchilik qiziqish bildirmoqda.
Ko‘rgazmalarning barcha bo‘limlari gavjum. “Yoritish texnologiyalari” bo‘limida texnik, dekorativ va landshaft yoritish tizimlari, sanoat obyektlarini yoritish qurilmalari, yorug‘lik-texnikaviy loyihalash va dizayn xizmatlari, LED texnologiyalari, yoritish uskunalari ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo va materiallar bilan tanishish mumkin. “Kabellar. Simlar. Armatura” bo‘limida 10 kVdan 35 kVgacha kuchlanishga mo‘ljallangan kabellar, elektr uzatish havo liniyalari, izolatsiyalangan simlar, optik tolali kabellar bevosita ishlab chiqaruvchilar tomonidan taklif etilmoqda.
“UzStroyExpo” qurilish ko‘rgazmasida ham zamonaviy va sifatli narxlardagi mahsulotlar namoyish etilmoqda. Ko‘rgazma ishtirokchilari qatoridan o‘zining ixtisoslashgan qurilish texnikasi, isitish uskunalari, qurilish havozalari, videokuzatish tizimlari, temir-beton mahsulotlari, bruschatkalar, lift uskunalari va boshqa mahsulotlarini xaridorlar e’tiboriga havola etish maqsadida kelgan mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rin olgan.
Ko‘rgazma kompaniyalarga qurilish sohasidagi yangi g‘oyalarni namoyish etish imkonini bermoqda. Zero, mamlakatimizda bunyodkorlik ishlari ko‘lami kengayib, qurilish materiallariga bo‘lgan talab hamda ularni ishlab chiqarish hajmi tobora oshmoqda. Bugun shaharu qishloqlarimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari samaralari keng va ravon yo‘llar, zamonaviy ko‘priklar, yuksak me’moriy yechimga ega mahobatli imoratlar, shinam uy-joylar, milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan inshootlarda o‘z ifodasini topayotir.
“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, yurtimizda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi olti mingdan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Yiliga 10 million kvadrat metr oyna tayyorlovchi “Kvars”, 60 ming tonna quruq qurilish qorishmalari ishlab chiqaruvchi “Buxorogips”, 20 million kvadrat metr gipsokarton tayyorlash quvvatiga ega “Knauf Gips Buxoro”, 3,5 million kvadrat metr sopol plitkalari ishlab chiqaruvchi “Moderna Ceramic Industries Fergana” kabi korxonalar shular jumlasidandir.
Ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etayotgan «Miarka invest» mas’uliyati cheklangan jamiyati Markaziy Osiyoda yog‘och-karkas texnologiyasi bo‘yicha modulli uy qurilishi sohasiga ixtisoslashgan korxonadir. 2009-yilda tashkil etilgan korxona o‘tgan davrda hududlarda besh ming kvadrat metrda uy qurish yumushlarini bajardi.
– Uylarning ekologik toza materiallardan tayyorlangani, mebel, maishiy texnika va santexnika jihozlari bilan ta’minlangani bizga ma’qul keldi, – deydi Qashqadaryo viloyatidagi “Quvonchbek bunyodkor” jamiyati rahbari Sirojiddin To‘xtayev. – Zilzilaga bardoshli, energiyatejamkor, yengil konstruksiyali bu uylar har jihatdan zamonaviy va qulay.
Qurilish, pardozlash, fasad, materiallar va keramika bo‘limi ishtirokchilari safi o‘tgan yildagiga nisbatan ancha kengaygan bo‘lsa, “Interer dizayni va mebel” bo‘limi yanada ommalashib bormoqda. Unda laminatsiyalangan pol usti qoplamalari ishlab chiqaruvchi “Woodman Group” (O‘zbekiston), yog‘och-payraxa plitalari, MDF va HDF plitalari, laminatsiyalangan pollar va devor panellari, OSP qurilish plitalari ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda ilg‘or “Kronoshpan” (Rossiya), O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib mebel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan “Keng makon” kompaniyalari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
– Hozir o‘nga yaqin qurilish tashkiloti bilan shartnoma imzoladik, – deydi “NLS Dekor” korxonasi mutaxassisi Nodir Karimov. – Binolarning tashqi fasadi uchun tayyorlanadigan mahsulotlarimiz turi yuzdan ortiq. Innovatsion ishlanma sifatida tayyor mahsulotlar bilan birga penoplast materiallarni turli ko‘rinishda kesish va shakl berishda qo‘l keluvchi uskunani ham buyurtma asosida yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydik.
Ko‘rgazma zallarida namoyish qilinayotgan mahsulotlar va tadbirning umumiy ruhi mamlakatimizning ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini namoyon etmoqda.
Манба: uza.uz
22.09.2016
12:35