Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida.
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 313 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Termitlarga qarshi kurash va ularning zararini bartaraf qilish ishlarini yanada jadallashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori (ID-55823) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha 4-bandi ikkinchi xatboshiga ko‘ra:
“Markaz Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda:
.....
har yili 1 iyunga qadar inventarizasiya natijalariga ko‘ra, buzilishi lozim bo‘lgan bino va inshootlar ro‘yxatini tuzsin”.
Shuningdek, loyiha 5-bandi birinchi xatboshiga ko‘ra:
“Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
2022 yil 1 iyulga qadar inventarizasiya natijasiga ko‘ra shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilgan bino va inshootlar buzilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkaziladigan zararni belgilangan tartibda qoplash uchun moliyalashtirish manbalarini aniqlab, ushbu ob'ektlarni buzish choralarini ko‘rsin;”.
Ya'ni bunda, termitlar bilan kurashish maqsadida bino va inshootlar turidagi xususiy mulkni majburiy tartibda buzish belgilanmoqda.
“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga ko‘ra
Bunda, xususiy mukning konuniy egasidan faqat nasionalizasiya, musodara va rekvizisiya qilish orqali olib quyilishi, shu jumladan buzilishi mumkinligi belgilangan, faqatgina qonunda istisno holatlar nazada tutilishi mumkin.
Shunigdek, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bino va inshootlarni majburiy tartibda buzish Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga asoslanib amalga oshiriladi.
Ushbu modda uchinchi xatboshisiga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da'vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim, ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Ko‘rinib turganidek, bino va inshootlarni majburiy tartibda buzish uchun ushbu imorat o‘zboshimchalik bilan qurilgan bo‘lishi lozim.
Ta'kidlash lozimki, loyiha muallifi tomonidan loyihani ishlab chiqish asosi sifatida termitlarga qarshi kurash ishlarining o‘z vaqtida tashkil etilmaganligi keltirilmoqda.
Bunda, davlat tomonidan o‘z vaqtida termitlarni tarqalishini oldini olish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmaganligi sababli ushbu tartiblarni joriy qilinishi, ya'ni davlat tomonidan bajarilmagan ishlarning salbiy oqibatlari uchun xususiy mulk egalari tomonidan javob berishi huquqiy jihatdan noto‘g‘ridir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuningdek, xususiy mulk daxlsizligini ta'minlash maqsadida loyihadagi bino va inshootlar buzilishiga taalluqli bo‘lgan normalarni chiqarib tashlash lozim.
2. Loyiha 7-bandiga ko‘ra, “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shaxar hokimliklari, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi va Qurilish vazirligining hududiy organlari tomonidan Ishchi guruh xulosasi bilan termitlarning tabiiy o‘choqlari bo‘lgan va qurilish ishlari uchun xavfli deb belgilangan hududlarda termitlar bartaraf etilmagunga qadar qurilish uchun yer maydonlarini ajratish, hujjatlarini rasmiylashtirish ta'qiqlansin”.
Ya'ni, ma'lum bir xududda yer maydonlarini ajratish, unga hujjatlarini rasmiylashtirishni termitlarning tabiiy o‘choqlari bartaraf etilmagunga qadar amalga oshirish ta'qiqlanmoqda.
Biroq, loyihada ushbu maqsad uchun aniq bir muddatning belgilanmaganligi yer ajratishda korrupsiya va suiiste'mollik xolatlariga, shuningdek sun'iy moratoriy joriy qilinishiga sharoit yaratib berishi mumkin.
Shu bois, loyiha termitlarning tabiiy o‘choqlarini bartaraf etish uchun aniq muddatlarni belgilash zarur.
13.05.2022
10:48