Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida.
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 323 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Parrandachilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori (ID-61061) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha parrandachilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Biroq, unda mazkur maqsadga qarama-qarshi o‘laroq biznes uchun ma'muriy yukning ortishi va asossiz byurokratik to‘siqlarning yuzaga kelishiga olib keladigan, shuningdek, tor doira manfaatlarini ilgari surishni nazarda tutuvchi bir qator normalar kiritilgan.
Xususan, loyiha 1- va 4-bandlarida parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'ektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish va boshqa imtiyozlardan foydalanish huquqini faqatgina “my.vetgov.uz” saytida ro‘yxatdan o‘tgan hamda belgilangan tartibdagi mezonlarga mos keluvchi parrandachilik xo‘jaliklariga berish hamda tovar xom ashyo birjasidagi savdolarda faqat “my.vetgov.uz” saytida ro‘yxatdan o‘tgan parrandachilik xo‘jaliklari qatnashishi belgilanmoqda.
Avvalo, bunday tartibni joriy etish zarurati loyiha ijrochisi tomonidan asoslantirilmagan, shuningdek bunga sabab bo‘lgan holatlar keltirilmagan.
Ko‘rinib turibdiki, bu orqali tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan imtiyozlardan foydalanishda ortiqcha majburiyat, ya'ni “my.vetgov.uz” saytida ro‘yxatdan o‘tish yuklatilmoqda.
Biroq, bu yangi tartib tadbirkorlik faoliyatiga ortiqcha aralashishga, biznes uchun ma'muriy yukning ortishi va asossiz byurokratik to‘siqlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Bu esa, subsidiyalar ajratish va boshqa imtiyozlardan foydalanish borasida byurokratik to‘siqlar hamda turli xil suiiste'molchiliklarga yo‘l ochib berishi mumkin.
Shu bois, tadbirkorlik sub'ektlariga subsidiyalar ajratish, yengilliklar berish va boshqa imtiyozlardan foydalanishda “my.vetgov.uz” saytida ro‘yxatdan o‘tganlik talabining joriy etilishi mutlaqo maqsadga muvofiq emas.
2. Loyiha 11-bandi uchinchi xatboshiga ko‘ra, “2022 yil 15 maydan boshlab 2024 yil 1 yanvarga qadar “Parrandasanoat” uyushmasiga a'zo bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun davlat tomonidan ajratiladigan subsidiya miqdori 12 ming so‘m etib belgilansin”.
Bunda, subsidiyalarning faqat “Parrandasanoat” uyushmasiga a'zo bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga ajratilishi nazarda tutilmoqda.
Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 31.05.2018 y.dagi PQ-3756-sonli Qarori 2-bandi ikkinchi xatboshiga ko‘ra, “soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar (keyingi o‘rinlarda imtiyozlar deb yuritiladi) qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun beriladi, shuningdek, aniq maqsadga ega bo‘lishi hamda aniq ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy natijalarga erishishni ta'minlashi zarur”, - deb belgilangan.
Ko‘rinib turibdiki, yuqoridagi norma mazkur Qaror talablariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zid kelmoqda.
Shu bilan birga, faqat “Parrandasanoat” uyushmasiga a'zo bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga bu shakldagi huquqlarni berish amalda korrupsiya va suiiste'mollik holatlariga sharoit yaratib, raqobat muhitining keskin yomonlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Yuqoridagilarni kelib chiqib, subsidiyalarning faqat “Parrandasanoat” uyushmasiga a'zo bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga ajratilishi belgilash maqsadga muvofiq emas..
3. Loyiha 14-bandiga ko‘ra, “Parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining hisobot davri yakunidagi salbiy farq summasi soliq to‘lovchining arizasiga asosan tezlashtirilgan tartibda 7 kundan kechiktirmasdan qoplab beriladi hamda soliq summasi qoplab berilgandan so‘ng, kameral soliq tekshiruvi umumiy tartibda amalga oshiriladi”, - deb belgilangan.
Ko‘rinadiki, bunda soliq tekshiruvlarini o‘tkazish, uni o‘tkazish asoslari bilan bog‘liq normalar nazarda tutilmoqda.
Biroq, kameral soliq tekshiruvi, uni o‘tkazish tartibi, asoslari Soliq kodeksi (138-moddasi) bilan to‘liq tartibga solingan bo‘lib, ushbu masalalar mazkur loyihaning tartibga solish predmeti hisoblanmaydi.
4. Loyiha 16-17-bandlariga ko‘ra:
“Parranda kasalliklarini oldini olish va tashxis qo‘yishning zamonaviy usullarini maqbullashtirish, parrandalarni oziqlantirishning ilmiy asoslangan me'yorlarini ishlab chiqish maqsadida “Parrandasanoat” uyushmasi huzurida “AVI-LAB” mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Ilmiy tashxis laboratoriya markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz deb yuritiladi) tashkil etilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
Markaz Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markazining Toshkent shahri Qoraqamish massivi 2/4 uy manzili bo‘yicha (barcha binolar majmualari 5-qavati) joylashgan binosida bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin”.
Ta'kidlash lozimki, bunda alohida bir MChJga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yengilliklar berilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, loyihada mazkur MChJning alohida maqomda keltirilshi uni boshqa tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan afzal holatga qo‘yishi mumkin.
Vaholangki, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasi bilan ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berish ta'qiqlangan.
Shuningdek, alohida xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar hamda preferensiyalar berish amaliyotidan voz kechish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 sentyabrdagi
PF-5185-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar Konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Ta'kidlash lozimki, alohida xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga bu shakldagi eksklyuziv huquqlarni berish amalda korrupsiya va suiiste'mollik holatlariga sharoit yaratib, raqobat muhitining keskin yomonlashishiga sabab bo‘ladi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, loyiha 16-17-bandlarini chiqarib tashlash lozim.
5. Qayd etish lozimki, Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tomonidan subsidiyalarni ajratish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab tadbirkorlik sub'ektlari va aholi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalariga hamda aholi bandligini ta'minlash bilan bog‘liq tadbirlarga subsidiya ajratish bosqichma - bosqich aholi va tadbirkorlik sub'ektlariga subsidiya ajratishning yagona elektron platformasi orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Ushbularni inobatga olgan holda, mazkur loyihani ham yuqoridagi loyiha doirasida ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
18.05.2022
09:26