Palata tomonidan tadbirkorlik sub'ektlarining huquqiy himoyasini ta'minlash, biznes sohasida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda hakamlik sudlarida ishlar ko‘rilishi ahvoli muhokamasi
Joriy yilning 27-may kuni Palata Raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov boshchiligida Palataning hududiy boshqarma boshliqlari o‘rinbosarlari, yuridik xizmati xodimlari hamda hakamlik sudlari rahbarlari ishtirokida Palata a'zolari manfaatida sudlarga da'vo arizalari kiritilishi holati hamda biznesda korrupsiyaga qarshi kurashish va tadbirkorlar o‘rtasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish” Xartiyasi a'zoligiga jalb qilish, shuningdek, Palata huzuridagi hakamlik sudlarining faoliyatiga bag‘ishlangan videokonferens aloqa shaklida selektor bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda, avvalambor, ta'kidlab o‘tildiki, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqiy ongini oshirish va biznes sohasida huquqbuzarlik profilaktikasi borasida Palata va uning quyi tuzilmalari tomonidan tizimli ravishda ma'lum ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, tadbirda Palataning eng muhim vazifalaridan biri unga a'zo bo‘lgan tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilishning sifati va ishonchliligini oshirish ekanligi ta'kidlandi.
Birgina, 2022-yilning birinchi choragida Palata a'zolari manfaatida sudlarga 113 mingdan ortiq, umumiy summasi 12,6 trln. so‘mga yaqin da'vo arizalar kiritilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatgich 2021-yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga ko‘p ekanligi to‘g‘risida axborot berildi.
Tadbir davomida Palata tomonidan Palata a'zolari manfaatida da'vo arizalar, shikoyatlar va arizalar kiritish borasidagi kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka, bu xuquqiy vositasining samarasini hamda da'vo arizalar sifatini va qanoatlantirish darajasini yanada oshirish lozimligiga e'tibor qaratilib, bu borada tegishli choralar belgilab olindi.
Bundan tashqari, Palata tomonidan tadbirkorlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, biznesda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda tadbirkorlik sub'ektlarini “Korrupsiyaga qarshi kurashish” Xartiyasi a'zoligiga jalb qilish borasida olib borilayotgan ishlar ham muhokama qilindi.
Jumladan, joriy yilning birinchi choragi davomida 111 ta tadbirkorlik sub'ektlariga “Korrupsiyaga qarshi kurashish” Xartiyasi a'zoligiga qo‘shilganligi xaqida sertifikatlar berilganligi ma'lum qilindi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar o‘rtasida Xartiyani va uning biznes soxasida korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ahamiyatini keng targ‘ib qilish orqali tadbirkorlarni unga qo‘shilishga da'vat etish ishlarini jadallashtirish talab etildi.
Yig‘ilish davomida Palata va uning hududiy boshqarmalari huzuridagi hakamlik sudlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Jumladan, 2022-yilning birinchi choragida hakamlik sudlari tomonidan 522 ta ishlar ko‘rilgan bo‘lib, da'vo summasi 4,1 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu esa, o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslanganda, kelib tushgan da'vo arizalar soni 724 taga kamayganligi ma'lum qilindi.
Hakamlik sudlarining faoliyatini jonlantirish hamda ularning nufuzini yanada oshirish maqsadida, sudlar faoliyatini tadbirkorlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish ishlarini doimiy ravishda olib borish borasida aniq vazifalar qo‘yildi.
Shu bilan birga, bu boradagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish, tadbirkorlarga sifatli va ishonchli yuridik xizmat ko‘rsatish maqsadida, hududiy boshqarmalarning yuridik yo‘nalishdagi mas'ul xodimlari uchun doimiy ravishda seminarlar tashkil etish to‘g‘risida kelishildi.
28.05.2022
16:15