SSP raisining Turkiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuvi
Joriy yilning 9-iyun kuni O'zbekiston savdo-sanoat palatasida O'zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi D. Vaxabovning Turkiya Respublikasining O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi O. Bekar bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi. Muloqot chog'ida O'zbekiston bilan Turkiya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarning muhim qismi ekanligini ta'kidladilar.
Tadbirda SSP raisi D. Vaxabov bugungi kunda O'zbekiston va Turkiya biznes vakillari o'rtasida o'zaro manfaatli va uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratilayotganiga alohida e'tibor qaratdi. Turkiya Respublikasi Elchisi O'zbekiston bilan Turkiya o'rtasidagi hamkorlik, xalqlar o'rtasidagi ko'p asrlik qardoshlik aloqalari va turli sohalardagi hamkorlikni alohida ta'kidladi. Muzokarada joriy yilda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O'z navbatida, Turkiya so'nggi yillarda O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur'atlari va xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirishda mamlakat faoliyatini yuqori baholadi.
09.06.2022
15:37