“Xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi masalalari qoʼmitasi”ning yigʼilishi
Joriy yilning 1 avgust kuni Savdo-sanoat palatasi binosida Palata huzuridagi Xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi masalalari qoʼmitasi aʼzolarining birinchi yigʼilishi oʼtkazildi.
Maʼlumot uchun: Savdo-sanoat Palasi Ijroiya qoʼmitasining 2022 yil 13 iyundagi 6-sonli yigʼilish bayoniga muvofiq, Palata huzurida sohalar boʼyicha 21 ta qoʼmita tashkil etilgan.
Har bir qoʼmitaga 25 nafargacha sohadagi eng ilgʼor, salohiyatli, fidokor va sohada obroʼsi baland tadbirkorlar aʼzo sifatida kiradi.
Mazkur yigʼilish davomida, eng avvalo, joriy yilning 20 avgust kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan oʼtkazilishi rejalashtirilgan uchrashuviga tayyorgarlik ishlari, jumladan, respublika Xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi yoʼnalishidagi tizimli masalalar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi. Natijada, 10 ga yaqin muammo va takliflar roʼyxati shakllantirilib, ularni Savdo-sanoat Palatasi rahbariyati, yuristlari va tegishli mutaxassislari bilan birgalikda muhokama qilindi.
Shu bilan birga, joriy yilning 18-19 avgust kunlari Samarqand shahrida oʼtkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi Xotin-Qizlar forumida ishtirok etuvchilarning roʼyxatini sifatli shakllantirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar muhokama qilinib, mazkur tadbirda respublikamiz Xotin-qizlari salohiyatini eng yuksak darajada koʼrsatib berish yuzasidan aniq rejalar belgilab olindi.
Qoʼmitaning “ZOOM” onlayn platformasi va jonli ravishda oʼtkazilgan mazkur yigʼilishi davomida shuningdek, Xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi yoʼnalishidagi bir qator soliq, bojxona, kredit va boshqa masalalar koʼtarilib, ularni Savdo-sanoat Palatasi koʼmagida tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda hal etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Savdo-sanoat palatasi Matbuot xizmati
02.08.2022
10:57