Marketing va reklama masalalari qoʼmitasining kengaytirilgan yigʼilishi
Joriy yilning 2 avgust kuni Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov rahbarligida palata huzuridagi Marketing va reklama masalalari qoʼmitasining kengaytirilgan yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Maʼlumot uchun: Savdo-sanoat Palasi Ijroiya qoʼmitasining 2022 yil 13 iyundagi 6-sonli yigʼilish bayoniga muvofiq, Palata huzurida sohalar boʼyicha 21 ta qoʼmita tashkil etilgan.
Har bir qoʼmitaga 25 nafargacha sohadagi eng ilgʼor, salohiyatli, fidokor va sohada obroʼsi baland tadbirkorlar aʼzo sifatida kiradi.
Mazkur yigʼilishda qoʼmita raisi D. Mirzaaxmedov boshchiligida sohada yuqori tajribaga ega boʼlgan yirik konsalting, marketing va reklama agentliklari (MCA, Yangi Fazo Asri, Mano Branding, Division), shu jumladan digital marketing (Inmarketing), shuningdek AKFA Engineering and Management, Akfa Medline, SQB, Safia – cafe and bakkery kabi boshqa yirik kompaniyalarining marketing tuzilmalari rahbarlari oʼz fikr mulohazalari bilan ishtirok etishdi.
Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vaxabov qoʼmita vakillari bilan marketing va reklama faoliyati sohasidagi eng dolzarb, tizimli muammolar, shuningdek vaziyatni sogʼlomlashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni muhokama qildi.
Qoʼmita aʼzolari tomonidan qayd etilgan muammoli masalalar qatorida marketing sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash sifatini oshirish, tashqi reklama obʼektlarini oʼrnatishni tartibga solishning tashkiliy-huquqiy masalalari ("reklama toʼgʼrisida" gi qonun), davlat organlari tomonidan marketing tadqiqotlarini oʼtkazish uchun zarur boʼlgan maʼlumotlarni taqdim etish, shuningdek investitsiyaviy va turistik jozibadorligiga, qolaversa mamlakatning imidjiga bevosita taʼsir koʼrsatadigan mintaqalarning oʼziga xos boʼlgan “aydentikasini” ishlab chiqilishini yoʼlga qoʼyish kabi dolzarb masalalar batafsil oʼrganib chiqildi.
Umuman olganda, uchrashuv ishbilarmonlik va konstruktiv muhitda boʼlib oʼtdi.
Shuni taʼkidlash lozimki, Davron Vaxabov rahbarligida oʼtkazilgan yigʼilish yakuniga koʼra, marketing va reklama Qoʼmitasi faoliyatini sifatli tashkil etish, Prezident va tadbirkorlar oʼrtasida joriy yilning 20 avgust kuni boʼlib oʼtadigan ochiq muloqot uchun takliflarni ishlab chiqishga qaratilgan qator choralar belgilab olindi.
03.08.2022
10:33