Tovar belgilarini rivojlantirish va eksportni moliyaviy qoʼllab-quvvatlash mexanizmlari SSP eʼtiborida
Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshidagi Eksportni ragʼbatlantirish agentligi bilan hamkorlikda 2022 yil 30 avgust kuni mahalliy tadbirkorlik subʼektlari uchun “Intellektual mulk sohasida tovar belgilarini muhofaza qilish, kontrafakt mahsulotlar bilan kurashish, tovar brendlarini yaratish hamda eksport faoliyatini moliyaviy qoʼllab-quvvatlash mexanizmlari” mavzusida vebinar oʼtkazildi.
Vebinarda hududlardan 60 nafardan ortiq tadbirkorlik subʼektlari onlayn ishtirok etdilar.
Mazkur vebinarda Аdliya vazirligining Intellektual mulkni muhofaza qilish departamenti masʼul xodimi Botir Kayumov tovar belgilarini milliy va xalqaro darajada roʼyxatga olish, tovar belgisini muhofaza qilish shartlari hamda tovar belgilaridan foydalanish imkoniyatlari toʼgʼrisida batafsil maʼruza qildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasining mutaxassisi Ilxom Xabibullaev tomonidan respublikamiz ichki bozorida sifatsiz kontrafakt mahsulotlar savdosini oldini olish borasidagi ishlar toʼgʼrisida maʼlumot berib oʼtildi.
Vebinarda Eksportni ragʼbatlantirish agentligi masʼul xodimi Baxodir Gulyamov eksportni moliyaviy jihatdan qoʼllab-quvvatlash borasidagi Аgentlik koʼrsatayotgan xizmatlar va uni eksporterlar uchun afzalliklari toʼgʼrisida taqdimot bilan ishtirok etdi.
Tadbir davomida mahalliy tadbirkorlar tomonidan tovar belgilarini roʼyxatga olish uchun talab etiladigan hujjatlar, ularni roʼxatdan oʼtkazish tartibi toʼgʼrisida savollar berildi va Аdliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasi mutaxassislaridan batafsil javoblar olindi. Shuningdek, tadbirkorlar eksport faoliyatini amalga oshirishda Eksportni ragʼbatlantirish agentligi tomonidan xorijiy davlatlardagi koʼrgazma va yarmarkalarda ishtirok etish, xorijda savdo uylarini tashkil etish, mahsulotlar uchun xalqaro standartlar va sertifikatlarni joriy etishni qoplab berish shartlari va tartibi toʼgʼrisida koʼplab savollar bilan murojaat qildilar hamda ushbu masalada mutaxassislardan atroflicha javoblarni oldilar.
30.08.2022
15:04