“Tadbirkorlik kodeksi” – tadbirkor manfaatlari uchun” mavzusida xalqaro konferentsiya
Joriy yilning 7 sentyabr kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida onlayn va offlayn rejimda “Tadbirkorlik kodeksi” – tadbirkor manfaatlari uchun” mavzusida xalqaro konferentsiya boʼlib oʼtdi.
Konferentsiyada Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʼrinbosari Islam Jasimov, shuningdek, Oliy Majlis palatalari, Prezident Аdministratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, Biznes-ombudsman, 20 dan ortiq xalqaro va milliy ekspertlar, ilmiy hamjamiyat, 100 dan ortiq oʼrta va yirik biznes vakillari ishtirok etishdi.
Ushbu tadbirdan koʼzlangan asosiy maqsad – Kodeks loyihasi yuzasidan taklif va mulohazalarni muhokama qilish, loyihani takomillashtirish boʼyicha fikrlar almashishdan iborat.
Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqishga 3 yilga yaqin vaqt sarflandi. Loyihani ishlab chiqishda nafaqat milliy ekspertlar, balki xalqaro ekspertlar ham jalb qilindi. Аsosiysi, loyiha oxirgi 4-5 oydan buyon jamoatchilik muhokamasidan oʼtkazilmoqda.
Muhokamalar natijasida 1,5 mingga yaqin taklif tushgan hamda loyihada korruptsiyaviy omillarning mavjudligi, gender tenglikka taʼsiri va boshqa masalalar boʼyicha oʼtkazilgan soʼrovnomalarda 1,2 mingdan ortiq fuqaro ishtirok etgan.
Xalqaro konferentsiyaning sessiyalarida xalqaro tashkilotlarning xorijiy ekspertlari, davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari hamda tadbirkorlarning davlat va tadbirkorlik subʼektlari oʼrtasidagi munosabatlarning huquqiy asoslari, tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning shakl va vositalari haqidagi maʼruzalari va takliflari tinglandi.
SSP Matbuot xizmati
07.09.2022
14:55