Tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar tartibi takomillashtirildi
Joriy yilning 22 avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida, tadbirkorlik subʼektlari faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish, nazorat qiluvchi organlarning masʼuliyatini oshirish va faoliyati ochiqligini taʼminlash maqsadida, 2022 yil 13 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-374-son qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 noyabrdan boshlab, tadbirkorlik subʼektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar «Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinadi. Ushbu tizimda ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanishi hamda tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari to‘g‘risida maʼlumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda axborot tizimiga kiritilishi lozimligi belgilandi. Bunda, tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida mazkur tizimda ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanadi.
Shuningdek, mazkur qarorda nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxslari Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirishdan bosh tortgan taqdirda yoki qonunchilikda ko‘rsatilgan hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan hamda tekshiruvga nazorat qiluvchi organning buyrug‘ida (qarori, farmoyishi) ko‘rsatilmagan boshqa shaxslarni jalb etish holatlarida, tekshiruvga shartnoma asosida auditorlik tashkilotlari va (yoki) ekspertlarni jalb etish holatlari bundan mustasno, tadbirkorlik subʼekti tekshiruv o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka hamda ushbu holat haqida vakolatli organga, Savdo-sanoat palatasiga va prokuratura organlariga xabar berishga haqli ekanligi ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan jamoatchilik nazorati Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari hamda qonunchilikda belgilangan shaxslar tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, ushbu qarorda nazorat qiluvchi organlar «xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subʼektini xabardor qilishi lozimligi, ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va obʼekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazish mumkin emasligi va tadbirkorlik subʼekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emasligi belgilangan.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subʼektlari uchun profilaktika tadbirlarini Biznes-ombudsman bilan kelishilgan reja-grafiklar asosida tadbirkorlik subʼektlari moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda seminarlar, ommaviy muhokamalar, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, «ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, tarqatma material va qo‘llanmalar bilan taʼminlash, tavsiya va xabarlar yuborish shakllarida amalga oshirish nazarda tutildi.
Qarorning eng muxim jixati - 2023 yil 1 yanvardan nazorat qiluvchi organlarga «Yagona davlat nazorati” axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari ryestriga kiritilmagan funksiyalar bo‘yicha tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish taqiqlanadi.
Shu bilan bir qatorda, mazkur qaror bilan «Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.
Mazkur qarorda belgilangan vazifalarni bajarish tadbirkorlar o‘z faoliyatini yanada erkin amalga oshirishi, ularning faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldi olinishiga xizmat qiladi.
Hurmatli tadbirkorlar, agar o‘tkazilgan tekshiruv natijalaridan norozi bo‘lsangiz, nazorat qiluvchi organlarning yuqori tashkilotlariga, vakolatli organga, Savdo-sanoat palatasiga (ishonch telefonlari: +998 78 150 60 06, 1094) yoki belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligingiz mazkur qarorda o‘z aksini topgan.
SSP matbuot xizmati
29.09.2022
12:53