Toshkentda “Ayol va biznes” forumi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 8 oktabr kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida “Ayol va biznes – o‘sishga qodirmiz” forumi bo‘lib o‘tdi. Forum MPA creative media agency va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Forum doirasida yetakchi tadbirkor ayollar tomonidan seminar va prezentatsiyalar o‘tkazildi. Shularning qatorida “MPA Creative Media Agency” asoschisi Nafosat Tojiboyeva, “Guangzhou Shengli trade corporation” asoschisi Gulbahor Tojimirzayeva, “Beton Sanoat” bosh direktori Hilola Obidova, “Wang Da Group” rahbari Go‘zal Tojimirzayeva, “Twelve Stars Capital” asoschisi Tamilla Qurbanova, shuningdek, “YurTur” va “Dresshow” asoschisi Gulnoza Yusupova so‘zga chiqdi.
Forumning asosiy maqsadi xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatida imkoniyatlarini kengaytirish, biznes yuritishning istiqbolli yo‘nalishlarini tahlil qilish, shuningdek, korxonalar tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashishdan iborat.
Taʼkidlash joizki, bu kabi forumlar ayollarning ishbilarmonlik hamkorligi bo‘yicha dialog platformasi, shuningdek, ishbilarmon ayollar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash yo‘lidagi yaxshi imkoniyat hisoblanadi.
SSP matbuot xizmati
10.10.2022
10:55