Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti 90 yoshda!
Joriy yilning 13 oktabr kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining tashkil etilganligiga 90 yil to‘lishi munosabati bilan katta tantana tashkil etildi.
Tadbirda respublikamizning turli davlat tashkilotlarida o‘z faoliyatini davom ettirayotgan institutnining sobiq bitiruvchilari, jumladan, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, O‘zbekiston paxta to‘qimachilik klasterlari uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbar va xodimlari, viloyat hokimlari, turli ipakchilik va to‘qimachilik korxona rahbarlari, dizaynerlar va xorijiy davlat elchilari qatnashdi.
Tadbirni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori – O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Abdujalalovich Vaxabov ochib berib, institut o‘zining 90 yillik faoliyati davomida 62000 dan ziyod yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan 17 ta xorijiy mamlakatlarga 800 nafar oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlab berganini, hozirgi kunda institutda 5094 nafar talaba-yoshlar tahsil olayotganini, ularga institutning 370 dan ortiq nafar professor-o‘qituvchilari, shu jumladan, 32 nafar fan doktorlari, 158 nafar fan nomzodlari va dotsentlar samarali taʼlim berib kelayotganini taʼkidladi.
Maʼlumot o‘rnida shuni aytish joizki, institutda bugungi kunda uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalari uchun “dual” taʼlim tizimi joriy etilgan. Yaʼni talabalar haftaning uch kunida nazariy darslar bilan mashg‘ul bo‘lishsa, qolgan uch kunida to‘qimachilik texno parki va korxonalarda amaliy o‘quv mashg‘ulotlar asosida o‘qitiladi.
Institut 90 yillik faoliyati davomida O‘zbekiston va Markaziy Osiya davlatlari uchun ham kadrlar tayyorlab bergan tayanch oliygohga aylandi. Jumladan institut 18 ta davlatning 60 yaqin oliy taʼlim muassasalari bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
SSP matbuot xizmati
13.10.2022
17:08