Hakamlik sudlari institutlarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yil 24 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Konrad Adenauer nomidagi fond (Germaniya) bilan hamkorlikda “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida “Hakamlik sudlari institutlarini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida konferentsiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad respublikamizda hakamlik sudlari institutlari faoliyatini takomillashtirish va ular tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni respublika hududida, shuningdek xorijiy davlatlarda ijro etish jarayonini optimallashtirish tizimi bilan tanishtirishdan iboratdir.
Mazkur tadbirni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov hamda Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi tadqiqotchisi Aziz Tatibayev kirish so‘zi bilan ochib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida sud tizimida bo‘layotgan o‘zgarishlarni ta'kidlab o‘tishdi. Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etilgan 15 ta hakamlik sudlari faoliyatiga ijobiy baho berishdi.
Shuni aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonunlarini ijro etish hamda tadbirkorlikning rivojlanishi uchun mo‘tadil iqlimni yaratish va tabirkorlarni huquqiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzurida 2007-yilda Hakamlik sudi tashkil qilingan.
Tadbirda Savdo-sanoat palatasi huzuridagi hakamlik sudi Raisi Sherzod Sattorov so‘zga chiqib, hakamlik sudlari o‘z faoliyatini tezkorlik, ishonchlilik, tejamkorlik va professionallik tamoyillari asosida olib borayotganini bildirib o‘tdi. Buning misoli o‘laroq, joriy yilning 3-choragida Palata huzuridagi hakamlik sudlari tomonidan 500 dan ortiq hakamlik ishi ko‘rib chiqilib, tadbirkorlar o‘rtasida yuzaga kelgan iqtisodiy nizolar hal qilinganini ta'kidladi.
Bundan tashqari, ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda hakamlik muhokamasini tartibga soluvchi qonunchilikning huquqiy holati, hakamlik sudlarining vakolatli sudlar bilan o‘zaro munosabatlari, O‘zbekistondagi va xorijdagi hakamlik sudlari qarorlarini tan olish va ijro etish masalari shuningdek, hakamlik sudlari faoliyatini uchinchi shaxslar tomonidan moliyalashtirish mavzularida soha mutaxassislari tomonidan fikr va mulohazalar bildirib o‘tildi.
Tadbirdan soʼng Savdo-sanoat palatasi Raisining birinchi oʼrinbosari Islom Jasimov ishtirokida Palata binosida Palata huzuridagi hakamlik sudlari faoliyati buyicha hududiy hakamlik sudlari raislari ishtirokida kengaytirilgan yigʼilish boʼlib oʼtdi.
SSP matbuot xizmati
24.10.2022
15:07