“Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” Ishbilarmonlar kengashining 3-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 26 oktabr kuni Pusan shahrida Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari savdo-sanoat palatalari vakillari ishtirokida “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” Ishbilarmonlar kengashining 3-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” hamkorlik forumining 15-yig‘ilishi doirasida tashkil etildi.
Uchrashuvda Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida, ikki davlat ishbilarmon doiralari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish istiqbollari va imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini, jumladan, raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash, O‘zbekistonda Ishbilarmonlar kengashining yacheykasini (SSP qoshidagi Biznes-inkubator negizida) ochish, hamkorlikda tadbirlar (seminarlar, konferensiyalar) tashkil etish, shuningdek, ishbilarmon doiralarning Markaziy Osiyoda va Koreya Respublikasida o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarga tashrifini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
SSP matbuot xizmati
27.10.2022
14:12