Singapur-Malayziya SSP vakillari bilan uchrashuv
Joriy yilning 31 oktabr kuni Singapur “Land Transport Authority” delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida SSP raisi o‘rinbosari Jahongir Mamajonov va Singapur-Malayziya Savdo-sanoat palatasi (SMCCI) Prezidenti Farid Xon o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
1956 yilda tashkil etilgan Singapur-Malayziya Savdo-sanoat palatasi mustaqil notijorat tashkilotdir. Mahalliy Malayziya ishbilarmon doiralarining manfaatlarini ifodalashda katta rol o‘ynaydi. 2022 yil yanvar holatiga ko‘ra, 711 kompaniya SMCCI aʼzosi hisoblanadi.
Uchrashuv davomida Jahongir Mamadjonov respublikaning zamonaviy iqtisodiy rivojlanishi, uning sarmoyaviy investitsion salohiyati, Singapur kompaniyalari uchun mavjud yangi imkoniyatlar, xususan, turizm infratuzilmasi va turizm xizmatlarini rivojlantirishda, shuningdek, ikki davlatning kichik va o‘rta biznesi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida batafsil maʼlumot berdi.
Uchrashuv yakunida Farid Xon Singapur ishbilarmon doiralari va «SMCCI» aʼzo kompaniyalarining O‘zbekistondagi sanoat assotsiatsiyalari va xususiy doira vakillari bilan uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda qiziqishi yuqori ekanligini bildirdi.
SSP matbuot xizmati
31.10.2022
15:16