Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi
Joriy yilning 7 noyabr kuni “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida “Toshkent – Sankt-Peterburg: hamkorlikning yangi ufqlari” mintaqalararo iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov kirish so‘zi bilan ochdi.
Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi savdo vakili Konstantin Zligostev, “Sankt-Peterburg Savdo-sanoat palatasi” Kengashi raisi Vladimir Katenev va boshqalar ishtirok etdi.
Iqtisodiy forumning asosiy maqsadi ishbilarmonlik va o‘zaro savdo-sotiq aloqalarini yanada kengaytirish, qo‘shma sarmoyaviy loyiha va tashabbuslarni ilgari surish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari va imkoniyatlarini aniqlashdan iborat.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va “Sankt-Peterburg Savdo-sanoat palata” Kengashi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolanib, tomonlar o‘z vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Sankt-Peterburg tashkilotlari va tadbirkorlari o‘rtasidagi iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, shuningdek, savdo-sotiq aloqalarini mustahkamlashga, shu jumladan, o‘zaro hamkorlikda yangi va eng samarali iqtisodiy yo‘nalishdan foydalanishga kelishdi.
Forum doirasida maʼruzalar va taqdimotlar, shuningdek, B2B va B2G formatida muzokara va uchrashuvlar o‘tkazilib, ikki mamlakat siyosat va biznes vakillari hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.
SSP matbuot xizmati
08.11.2022
09:32