UzVC Startup Growth dasturini ishga tushirilishiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 16 noyabr kuni UzVC Milliy venchur jamg‘armasi Startup Growth dasturini (SGP) ishga tushirilishiga bag‘ishlangan birinchi konferensiyani o‘tkazdi.
Tadbir Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi “Raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni o‘zlashtirishda yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish” qo‘shma loyihasi, AKS Services Group, Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy Ofisi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi va INNO texnoparki bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Bolalar dinamik jamiyat uchun zarur bo‘lganidek, rivojlanayotgan iqtisod uchun yangi paydo bo‘layotgan kompaniyalar, yaʼni startaplar ham juda muhimdir. Shu sababli UzVC Milliy venchur jamg‘armasi, O‘zbekistonda mahalliy startaplar uchun yangi individual UzVC Startup Growth Program (SGP)ni ishga tushirdi. Dastur davlat ko‘magida amalga oshirilayotgan bo‘lib, o‘zbek startaplariga o‘sish va tashqi bozorlarga chiqish yo‘lida jahon andozalaridagi tajriba bilan taʼminlashga qaratilgan. SGP O‘zbekistondan tashqarida o‘sish va bozorlarga chiqish uchun zarur bo‘lgan mablag‘ yig‘ish strategiyalari kabi asosiy masalalarni qamrab oladi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan UzVC bosh direktori Dilshod Xashimov hamda UzVC katta maslahatchisi Alisher Shayxov ochib berdi.
SGP ning birinchi konferensiyasida nomzod ko‘rsatilgan startaplar, siyosatchilar, elchixonalar, nodavlat notijorat tashkilotlar, shuningdek, universitet talabalari kabi kengroq auditoriyaga o‘zbek startaplari va venchur kapitali ekotizimini global miqyosga chiqarishda qanday yordam berish kerak degan mavzularda maʼruza va taqdimotlar o‘tkazildi.
Xususan, maxsus maʼruzachilar Sukna Ventures bosh hamkori Asher Siddiqi, hamda Diaspora Ventures hamkori Marvin Liao tadbirkorlik va xalqaro miqyosda muvaffaqiyatli startaplarni boshqarish bo‘yicha hikoya va tushunchalari bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, konferensiyada BMTTDning “Raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni o‘zlashtirish uchun yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasida raqamli tadbirkorlikni va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha menejer Usmon Raximjonov, Express24 bosh direktori va asoschisi Akmal Payziyev, I2BF Global Ventures investitsiya bo‘yicha direktori Denis Kalishkin, shuningdek Pulsar.vc hamkori Adrien Henni (Fransiya) kabi maʼruzachilar ishtirok etdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar spikerlarga o‘zlarining savollarini berishga va mutaxassislar tomonidan batafsil javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.
SSP matbuot xizmati
16.11.2022
15:25