“O‘zbekiston biznes hamjamiyatida halollik” II biznes forumi bo‘lib o‘tdi
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan joriy yilning 29 noyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman, shuningdek, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha mintaqaviy boshqarmasi, BMT Taraqqiyot Dasturi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamkorligida “O‘zbekiston biznes hamjamiyatida halollik” II biznes forumi o‘tkazildi.
Unda turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subʼektlari, vazirlik va idoralar, OAV, jamoatchilik va xalqaro tashkilotlarning vakillari hamda xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda biznes vakillari faoliyati uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, sohadagi mavjud muammolarga oqilona yechimlar yuzasidan o‘zaro muloqot qilindi.
Tadbir davomida Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov o‘z nutqi bilan ishtirok etib, korrupsiyaga qarshi kurashishda Palataning asosiy vazifalari haqida maʼlumotlar berib o‘tdi.
Jumladan, tadbirkorlikning jadal rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan asosiy sabablardan biri korrupsiya ekanligini, shu bois O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘z vakolatlari doirasida tadbirkorlarimizni korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish, halol faoliyat yuritish ruhida tarbiyalash borasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Biznes-ombudsman va boshqa vakolatli idoralar bilan hamkorlikda tizimli ravishda profilaktik va targ‘ibot ishlari amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda Palataning ayrim asosiy vazifalariga to‘xtalib o‘tarkanlar, eng muhim vazifamiz - tadbirkorlarni korrupsiyasiz faoliyat yuritishi, bu illatga qarshi toqatsizlik va murosasiz munosabatda bo‘lish ruxida tarbiyalash kerakligini va bu borada YXHT bilan hamkorlikda “Biznes yuritish etikasi kodeksi” ishlab chiqilganini, shuningdek, 40 ming nusxada chop etilib, tadbirkorlarga tarqatilganini taʼkidladi.
Aytib o‘tish joizki, Palata tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Biznes-ombudsman hamda BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi (UNODC) bilan hamkorlikda O‘zbekiston tadbirkorlik etikasi kodeksi yangi tahrirda ishlab chiqildi va 10 ming nushada chop etilib, tadbirkorlarga yetkazildi.
Shuningdek, ekspertlar tomonidan biznes sohasida halollik standartlariga amal qilish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, birgalikda shaffof Ipak yo‘li tashabbusini yaratish, tadbirkorlik faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning qonunchilikdagi bo‘shliqlar bilan o‘zaro bog‘liqligi, xalqaro amaliyot va xorijiy tajribadagi yutuqlarga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.
Yuqorida qayd etilgan masalalarda bildirilgan fikr-mulohazalar, tavsiyalar asosida xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga doir amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Forum doirasida O‘zbekiston biznesining korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasining aʼzoligiga yangi qabul qilingan tadbirkorlik subʼektlariga aʼzolik sertifikatlarini topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov nutqi va taqdimotini yuklab olishingiz mumkin.
SSP matbuot xizmati
29.11.2022
17:13