Mamlakat eksport salohiyatini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yilning 5-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev raisligida tadbirkorlar va eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va mamlakat eksport salohiyatidan to‘liq foydalanish chora-tadbirlarini amalga oshirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy hokimliklar rahbarlari ishtirok etdi.
Hududlar va tarmoqlar kesimida ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalari ko‘rib chiqildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida 13 milliard dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi. Shu bilan birga, eksportyor korxonalarni aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun zarur kreditlar ajratish, ilgari to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini qaytarish, kommunal xizmatlarga ulash va energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha mas’ul rahbarlarning faoliyati yetarli darajada emasligi qayd etildi.
Hududlar va tarmoqlarning mavjud eksport salohiyatidan to‘liq foydalanish maqsadida eksportyorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan korxonalarga biriktirilgan mas’ul rahbarlarning hisobotlari tanqidiy ruhda tinglandi. Eksportga yetkazib berish hajmini oshirish maqsadida kundalik monitoringni amalga oshirish, tadbirkorlar bilan faol hamkorlik qilish va ularni o‘z vaqtida va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, muhokama etilgan masalalar doirasida tegishli rahbarlarga qo‘shimcha maqsadli topshiriqlar berildi. Ularning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuklandi.
06.12.2022
10:12