Sharja Savdo-sanoat palatasi raisi bilan uchrashuv
Joriy yilning 7 dekabr kuni Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbari D.Vahobovning BААga tashrifi doirasida Sharja Savdo-sanoat palatasi raisi Janobi Oliylari Аbdallah Sulton Аl Ovais bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi.
Sharja amirligi BAAning sanoat markazi hisoblanadi. Amirlikning sanoat mahsuloti BAA umumiy sanoat mahsulotining 48% ni tashkil qilib, bu mamlakatning yetakchi amirligi hisoblanadi. Amirlik yirik savdo va logistika markazi bo‘lib, 3 ta dengiz porti, 33 ta sanoat zonasi va 6 ta erkin iqtisodiy zonaga ega. Mavjud infratuzilma va qulay ishbilarmonlik muhiti amirlikka har yili 30 milliard dollarlik mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarish imkonini beradi. Amirlik har yili 8,5 milliard dollarlik mahsulot import qiladi, noneft eksporti esa 15 milliard dollarni, reeksport esa 10,3 milliard dollarni tashkil qiladi. Amirlikning asosiy savdo hamkorlari Saudiya Arabistoni, Hindiston, Ummon, Eron, Iroq, Quvayt va Xitoydir.
Suhbat chogʼida Sharja amirligi va Oʼzbekiston korxonalari oʼrtasidagi oʼzaro hamkorlik istiqbollari, jumladan, savdo (uchinchi mamlakatlarga reeksport), farmatsevtika, yashil energetika, oqava suvlarni tozalash (sanoat korxonalari) va toʼqimachilik sanoati kabi sohalar atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari boʼyicha Oʼzbekiston maxsus iqtisodiy zonalari va Sharja amirligi hududida har ikki davlat korxonalari ishtirokida ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyish, xom ashyo materiallarini chuqur qayta ishlash boʼyicha qoʼshma ishlarni tashkil etish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Yaqin Sharq va Shimoliy Аfrika mamlakatlariga yetkazib berish kelishuviga erishildi.
Shuningdek, tomonlar 2023-yil yanvarь oyida BААda oʼtkazilishi rejalashtirilgan kooperatsiya birjasi (B2B formatida) va ikki mamlakatda oʼtkaziladigan boshqa tadbirlarda ishtirok etish uchun har ikki tomon tadbirkorlarini maksimal darajada jalb etish boʼyicha zarur choralarni koʼrishga kelishib oldilar.
SSP matbuot xizmati
09.12.2022
10:12