Oʼzbekiston-Singapur Savdo palatasi tashkil etiladi
Savdo-sanoat palatasi hamda bir qator mahalliy tashkilotlar Singapurning “Oceanus Group” kompaniyasi bilan Oʼzbekiston-Singapur Savdo palatasini tashkil etish toʼgʼrisidagi shartnoma imzolandi. Hamkorlikning maqsadi ikki mamlakatning savdo va sarmoyaviy imkoniyatlarini rivojlantirishdan iborat.
Joriy yilning 16 yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifi arafasida Singapurda ikki davlat tadbirkorlari oʼrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan Oʼzbekiston-Singapur biznes-forumi boʼlib oʼtdi.
Singapur dunyoning yirik savdo va dengiz yoʼllari chorrahasida, jumladan, Hindiston va Xitoy oʼrtasidagi asosiy dengiz yoʼlida joylashgan davlat boʼlib, bugungi kunda Singapurda tovarlarni saqlash va reeksport qilish xizmatlarini koʼrsatuvchi 9 ta erkin iqtisodiy zonalar faoliyat koʼrsatadi.
Yillar davomida Singapurda 27 ta xalqaro bitimlardan iborat ulkan tarmoq yaratilgan. Ushbu bitimlarga, xususan, Xitoy, Koreya, Аvstraliya, Yangi Zelandiya, Hindiston, Yaponiya, Peru, Turkiya, АQSh, Kanada, Meksika, АSEАN (janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi), Yevropa Ittifoqi va Fors koʼrfazi mamlakatlari bilan tuzilgan erkin savdo toʼgʼrisidagi shartnomalar kiradi.
Shu bilan birga, Singapurning bojxona reglamentiga muvofiq, Oʼzbekiston 5200 dan ortiq tovarlarni bojsiz olib kirish huquqiga ega. Biroq, mavjud imkoniyatlarga qaramay, savdo sohasidagi hamkorlik mavjud salohiyat darajasida emas. Buning sabablaridan biri ikki davlat tadbirkorlari uchun oʼzaro savdoni rivojlantirish imkonini beruvchi platformaning yoʼqligidir.
Yuqoridagilarni inobatga olib, biznes-forum doirasida Savdo-sanoat palatasi hamda bir qator mahalliy tashkilotlar Singapurning “Oceanus Group” kompaniyasi bilan Oʼzbekiston-Singapur Savdo palatasini tashkil etish toʼgʼrisidagi shartnoma imzolandi.
Tashkil etiladigan Oʼzbekiston-Singapur Savdo palatasining taʼsischilari qatoriga Savdo-sanoat palatasi (muvofiqlashtiruvchi), Oʼzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʼbatlantirish agentligi, “Oʼzsanoateksport” АJ, “Oʼztoʼqimachiliksanoat” uyushmasi, “Global Export Company” MChJ, hamda “BMB Trade Group” MChJ kiradi.
Oʼzbekiston-Singapur Savdo palatasining maqsadi - Oʼzbekistonning Singapur hamda АСEАN mamlakatlarida savdo va sarmoyaviy imkoniyatlarini rivojlantirishdan iborat boʼladi.
Hamkorlikning birinchi bosqichida tomonlar Oʼzbekistondan Singapur, Xitoy va АСEАN mamlakatlari bozorlariga dukkaklilar, qayta ishlangan meva-sabzavot, yongʼoq va tovuq goʼshti eksportini tashkil etishga kelishib oldilar.
Hamkorlikning ikkinchi bosqichida Singapur kompaniyasi oʼzbekistonlik eksportyorlar faoliyatini kengaytirish va mahsulot sifatini oshirish orqali eksport hajmini oshirish maqsadida ularga sarmoya kiritish va sarmoya jalb etishni rejalashtirmoqda.
SSP matbuot xizmati
17.01.2023
17:41