Berlinda "Xalqaro yashil haftalik"
2023-yilning 19-21-yanvar kunlari O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov boshchiligidagi delegatsiya vakillari “Xalqaro yashil haftalik (IGW)” o‘tkazilayotgan Berlin shahrida (Germaniya) rasmiy tashrif bilan bo‘lishmoqda. Haftalik doirasida qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik va xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Unda respublikamiz “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” stendini taqdim etadi. Ushbu haftalikda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov ham ishtirok etmoqda.
240 kvadrat metr maydonga joylashtirilgan O‘zbekiston stendida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, mamlakatimiz viloyatlari va Toshkent shahridan 60 dan ortiq tadbirkorlarning milliy mahsulotlari namoyish etilmoqda. Jumladan: 227 turdagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari – yangi va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, qayta ishlangan sut va go‘sht mahsulotlari, yog‘ va yog‘ mahsulotlari, salqin ichimliklar, qandolat mahsulotlari, un va un mahsulotlari, margarin mahsulotlari va boshqalar o‘rin olgan. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik oshpazlar har kuni milliy taomlarni (sho‘rva, somsa, non va boshqalar) tayyorlab, ko‘rgazma mehmonlarini siylashadi.
O‘zbekiston tadbirkorlari “Yashil haftalik”da boshqa davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatida ishtirok etib, turli mahsulotlarni import va eksport qilish bo‘yicha shartnoma va bitimlar tuzishga tayyor. O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni kengaytirishni rejalashtirgan. O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida savdo-bozor munosabatlarini yanada mustahkamlashga, shuningdek, mamlakatimizda yetishtirilayotgan zotli qoramol, go‘sht va go‘sht-sut mahsulotlarini import qilish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga katta qiziqish bildirildi. Germaniya tomoni mamlakatimizning baliqchilik tarmog‘iga ham qiziqish bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning “Yashil haftalik”da ishtirok etishidan ko‘zlangan maqsad — qator muzokaralar olib borish, shuningdek, umumiy qiymati 100 million AQSh dollaridan ortiq eksport shartnomalarini tuzishdan iborat.
Shu tariqa, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari 19-yanvar kuni Berlinda bo‘lib o‘tadigan Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha xalqaro forumda (GFFA) ishtirok etmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining rasmiy tashrifi doirasida vazir Aziz Voitovning Mo‘g‘uliston, Germaniya, Qozog‘iston, Kanada, Gruziya kabi davlatlar vazirlari va qishloq xo‘jaligi vakillari bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Polsha, Niderlandiya, Latviya, Fransiya, Turkiya, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Jahon banki va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) rahbarlari bilan ham uchrashuvlar kutilmoqda.
Malumot uchun:
Xalqaro yashil haftalik (IGW) —bu oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va bog‘dorchilik bo‘yicha xalqaro savdo yarmarkasi hisoblanadi.
Bu yerda dunyoning turli burchaklaridan oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqaruvchilari tashrif buyurib, ko‘rgazma maydonida o‘z mahsulotlarini namoyish etishmoqda. Ko‘rgazmada ishtirokchilar o‘z mahsulotlarini sinovdan o‘tkazadi, uning odamlar uchun qiziqarli yoki aksincha ekanini tahlil qiladi, shuningdek, o‘z mahsulotlari nomini va butun mamlakat imidjini mustahkamlaydi. So‘nggi yillarda ular fermerlarga zamonaviy xizmatlarni (masalan, qishloq joylarda xarid qilish va dam olish), shuningdek, qayta tiklanadigan energiya va resurslar haqida ma‘lumotlarni taklif qilishmoqda. Ko‘rgazmada Germaniya va boshqa mamlakatlardan qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, bog‘dorchilik va baliqchilikning barcha yo‘nalishlaridan vakil va mutaxassislar ham ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmaning tematik bo‘limlari quyidagilardan iborat: yog‘och va yog‘och mahsulotlari; qishloq joylari uchun ko‘ngilochar dam olish; fermer xo‘jaligi tadbirlari; organik mahsulotlar; qayta tiklanadigan resurslar; xalqaro oziq-ovqat mahsulotlari; fast food taomlari; kelajakdagi oziq-ovqat tendentsiyalari; vino; agrosanoat; gullar; chorvachilik.
20.01.2023
16:58