Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv
Joriy yilning 6 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamkulov bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘iston biznes vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilayotganiga eʼtibor qaratdi.
Qozog‘iston mamlakatimizning savdo-iqtisodiy sohadagi muhim sheriklaridan biridir. O‘zbekiston Qozog‘iston bilan tabiiy gaz, mashinasozlik, mineral o‘g‘itlar, to‘qimachilik, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, meva-sabzavotni qayta ishlash kabi sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Taʼkidlash joizki, 2022-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 1184 ta korxona (485 ta Qo‘shma korxona va 100 foiz Qozog‘iston kapitali bilan 699 ta korxona) faoliyat yuritmoqda. Asosiy yo‘nalishlari: savdo operatsiyalari, transport, logistika hizmatlari, qurilish materiallari va xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish.
Uchrashuv davomida Palata raisi Davron Vahobov tomonidan O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasiga yaqin hududlarda savdo zonalarini tashkil etish va bunda ikki davlat fuqarolari ushbu zonalarga kirdi-chiqdi muxrlarini olmasdan savdo aloqalarini tashkil etish taklifi berildi.
Qolaversa, uchrashuvda Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston-Qozog‘iston Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalari muhokama qilindi.
Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamkulov tomonidan esa O‘zbekiston-Qozog‘iston Savdo-sanoat palatasi tashkil etish taklifi berildi, o‘z navbatida, Palata raisi Davron Vahobov ushbu taklif Ishbilarmonlar kengashi yigilishida ko‘rib chiqlishi maqsadga muvofiq ekanligini taʼkidladi.
Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, tadbirkorlar va investorlar uchun zarur axborot manbaiga aylanuvchi biznes maydonchasini yaratish, shuningdek, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, bu orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
SSP matbuot xizmati
07.02.2023
10:07