Mahalliy zargarlar Palata tomonidan qo‘llab-quvvatlanilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-dekabrdagi “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-452-sonli qaroriga muvofiq, mahalliy ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarni keng haridorlar ommasiga tanitish maqsadida:
Savdo-sanoat palatasi tomonidan joriy yilning 8 fevral kuni Chorsu Gold Center savdo markazida O‘zbekistondagi zargarlik sohasi uchun eng yirik savdo tadbiri – ULGURJI SAVDO YARMARKAsining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja va Chorsu Gold Center savdo markazi rahbari Sodiq Abdullayev tantanali ravishda ochib berdi.
O‘zbekiston dunyo miqyosida oltin zaxirasi va eksporti, tilla ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlatlardan hisoblanadi. Lekin hali sohadagi salohiyatdan to‘laqonli foydalanilyapti, deb ham bo‘lmaydi. Masalan, Turkiyada besh mingdan ortiq, Hindistonda o‘ng mingdan ziyod, mamlakatimizda esa bugungi kunda 800 nafar atrofida zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaradigan tadbirkor faoliyat yuritadi.
So‘nggi yillarda zargarlik sanoatiga davlatimiz rahbari tomonidan alohida eʼtibor qaratilib, sohaga doir qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Tizimni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratilmoqda. Xususan, Qimmatbaho metallarni tovar-xomashyo birjasi orqali kechiktirib to‘lash sharti bilan sotish tartibining amal qilish muddati 2026 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.
Mahalliy zargarlarni qo‘llab-kuvvatlash maqsadida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazma 8-9, 15-16 va 22-23 fevral kunlari, shuningdek, doimiy ravishda aprel oyiga qadar davom etadi.
Ulgurji savdo yarmarkasi butun zargarlik sanoatini birlashtiradigan yagona maskan bo‘lib, ushbu ko‘rgazmada qimmatbaho, hashamatli, tilla va zamonaviy dizayndagi zargarlik buyumlari tadbir mehmonlariga namoyish etiladi.
Taʼkidlash joizki, zargarlik sohasini mahalliy sanoatning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish faoliyati hamda savdosini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bu kabi ko‘rgazmalarni tashkil etish muhim hisoblanadi.
SSP matbuot xizmati
08.02.2023
17:30