“Namangan Sement” MCHJ korxonasida mahsulot ishlab chiqarishda muqobil yoqilg‘i energiya manbaalaridan samarali foydalanish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi
Joriy yilning 9 fevral kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Namangan viloyatida joylashgan “Namangan Sement” MCHJ korxonasida sement mahsulotini ishlab chiqarishda to‘liq ko‘mir yoqilg‘isida foydalangan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish texnologiyalari va bu boradagi yoqilg‘i tejamkorligiga erishish imkoniyatlari o‘rganishga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
Hozirda “Namangan Sement” MCHJ sement ishlab chiqarishda ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishni yo‘lga qo‘yishi natijasida gazga bo‘lgan talab keskin kamaygan va korxona tomonidan ishlab chiqarishni uzluksiz amalga oshirish uchun boshqa yoqilg‘i resurslaridan samarali foydalangan holda sement mahsulotini ishlab chiqarish amalga oshirib kelinmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda jami 60 dan ortiq sement zavodi mavjud bo‘lib, asosiy 35 ta korxonalarning 14 tasi tabiiy gazda, 14 tasi ko‘mirda hamda 7 tasi ham tabiiy gaz ham ko‘mir yoqilg‘isida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Har yili respublika bo‘yicha sement zavodalarida 1,6 mlrd. kub metr tabiiy gaz va 1,1 mln tonna ko‘mir ishlatiladi.
“Namangan Sement” korxonasiga respublikamizning barcha hududlaridan 20 tadan ortiq sement ishlab chiqarish korxonalaridan 40 ga yaqin rahbar, muxandis, texnolog va tejamkor yoqilg‘i texnologiyalarini joriy etish menejerlari tashrif buyurgan holda sohaga oid yoqilg‘i resurslarida tejamkorlikka erishish va muqobil energiya resurslarini qo‘llash texnologiyalarini joriy etish borasida o‘zaro fikr almashib, “Namangan Sement” MChJda qo‘llanilayotgan tejamkor texnologiyalar bilan tanishdilar.
Bunday tadbirlar sanoat korxonalarida yoqilg‘i resurslarini tejashning eng zamonaviy texnologiyalariga o‘tish, gazdan foydalanmasdan muqobil yoqilg‘i resurslaridan ishlab chiqarishda samarali foydalanishda iqtisodiy jihatdan katta samara beradi.
SSP matbuot xizmati
09.02.2023
16:49