O‘zbekiston-Hindiston Biznes muloqoti bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish masadida joriy yilning 13 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston-Hindiston ishbilarmon doiralarining xizmatlar sohasidagi biznes muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur biznes muloqot O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Hindistonning Xizmatlarni eksport qilishga ko‘maklashish kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, unda Hindistonning turli xizmat sohalarida faoliyat ko‘rsatuvchi 20 dan ortiq kompaniya vakillari hamda 50 ga yaqin o‘zbek kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Ushbu biznes uchrashuv doirasida muhandislik, qurilish, energetika, arxitektura sohalarida konsalting xizmatlari, mehmonxona va turizm, transport va logistika, kinemotografiya, sog‘liqni saqlash, restoran biznesi, IT va boshqa sohalarda faoliyat olib borayotgan hind kompaniyalari O‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan B2B formatida uchrashuvlar o‘tkazdilar.
Ushbu tadbir Hindiston va O‘zbekistonning xizmatlar sohasidagi ishbilarmonlari uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi va kelgusida qo‘shma biznes loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratadi.
SSP matbuot xizmati
13.02.2023
15:25