Misr zargarlik sanoatining yetakchi vakillari Oʼzbekistonga tashrif buyurdi
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 19–20 fevral kunlari Misr Аrab Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi davrida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Misr Аrab Respublikasining zargarlik sanoatining yetakchi vakillarining mamlakatimizga tashrifi tashkillashtirildi.
26 fevral kuni Misr arab respublikasining zargarlik qoʼmitasi raisi Ixab Vassef, «Kirmena Jewellery» kompaniyasi taʼsischisi Mamdux Аbdalla Gabala, «King Gold» taʼsischisi Shaker Fayzi Shaker hamda «Helwan» universiteti professori Karam Mosaad Аxmed Moxamed Farag tashrif buyurishdi va hozirda mamlakatimizdagi zargarlik sohasi bilan tanishmoqda.
Delegatsiya aʼzolari Oʼzbekistonning zargarlik bozorini oʼrganish maqsadida Chilonzor tumanida joylashgan «Oltin markazi» majmuasida boʼlib, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan hamda xorijdan olib kelingan mahsulotlar sifati va narxlar tahlilini amalga oshirdilar.
Shuningdek, «Gold Moon Tashkent» (Fonon), «UzGold» va «Silk Way Jewellery» zargarlik korxonalariga, Iqtisodiy isloxotlar tadqiqot markazi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Olmaliq kon metallurgiya kombinatiga va Toshkent toʼqimachilik va yengil sanoat institutida mutaxassislar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.
Delegatsiya aʼzolari 28 fevral kuni Toshkent va Buxoro viloyatlariga borib, viloyat hokimlari va mahalliy zargarlar bilan uchrashuvlar oʼtkazishi rejalashtirilgan.
SSP matbuot xizmati
27.02.2023
16:29