Toshkentda Oʻzbekiston–Litva biznes-forumi boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 28-fevral kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston–Litva ishbilarmon doiralari ishtirokida B2B formatida biznes-forum va ishbilarmonlik muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Oʻzbekiston-Litva savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari, milliy kompaniyalari va davlat idoralarining turli vakillari ishtirok etdi.
Litvaning Favqulodda va Muxtor Elchisi Gintautas Vatsiulis Litva ishbilarmon doiralari tomonidan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishning turli yoʻnalishlarida oʻzbekistonlik hamkorlar bilan hamkorlikka qiziqish ortib borayotganini taʼkidladi.
Eslatib oʻtamiz, Litva Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi hududidagi eng yirik savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi.
Forum doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Litva Savdo-sanoat va hunarmandchilik palatalari uyushmasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Biznes-forum davomida Oʻzbekiston va Litvaning yetakchi kompaniyalari oʻrtasida B2B formatidagi uchrashuvlar ham boʻlib oʻtdi, unda ishtirokchilar qoʻshma korxonalar tashkil etish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish masalalarini mazmunli muhokama qildi.
SSP matbuot xizmati
28.02.2023
14:29