Ispaniya ishbilarmon doiralari bilan iqtisodiyot sohalarida biznes muloqotlar o‘tkazildi
Joriy yil 1 mart kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Ispaniya Sanoat, savdo va turizm vazirligi tomonidan ikki davlat ishbilarmon doiralari ishtirokida Toshkent shahrida O‘zbekiston-Ispaniya Biznes-forumi o‘tkazildi.
Mazkur Biznes-forumda Ispaniyadan qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, tejamkor texnologiyalar, shaharsozlik, arxitektura, qurilish materiallari, transport, qishloq xo‘jaligi texnikalari, farmatsevtika, turizm, axborot texnologiyalari va boshqa sanoat tarmoqlarining 45 ta yetakchi kompaniyalaridan iborat delegatsiyasi ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan ushbu Biznes-forumda turli iqtisodiyot sohalarida faoliyat yurituvchi 60 nafardan ortiq mahalliy tadbirkorlik subyektlari qatnashdilar.
Tadbirda Ispaniya Savdo palatasi Xalqaro hamkorlik bo‘yicha direktori Xayme Montalvo tomonidan Ispaniya va O‘zbekiston ishbilarmon doiralari o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari va bu borada ikki davlat ishbilarmonlari uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar to‘g‘risida maʼruza qildi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida kelgusida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Biznes-forum doirasida O‘zbekiston va Ispaniya ishbilarmonlari o‘rtasida В2В formatidagi uchrashuvlar o‘tkazilib, unda tomonlar, mashinasozlik, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, energetika, tejamkor texnologiyalarni joriy etish, farmatsevtika, bank-moliya sohasi, konsalting xizmatlari va boqsha yo‘nalishlarda hamkorlik loyihalarini muhokama qildilar.
SSP matbuot xizmati
01.03.2023
18:16