Misr zargarlik sanoati vakillari Buxoro zargarlik maktabida usta hunarmandlar bilan uchrashdi
Misr zargarlik sanoatining yetakchi vakillari Misr Zargarlik qoʻmitasi raisi Ixab Vassef, “Kirmena Jewellery” kompaniyasi taʼsischisi Mamdux Abdalla Gabala, “King Gold” taʼsischisi Shaker Fayzi Shaker hamda “Helwan” universiteti professori Karam Mosaad Axmed Moxamed Farax 1-mart kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurib, Xoʻja Nurobod koʻchasida joylashgan zargarlik maktabida usta hunarmandlar, zargarlar bilan ham uchrashuv oʻtkazdi.
Tashrif doirasida dastlab viloyat hokimligida uchrashuv oʻtkazildi. Muloqot avvalida viloyat hokimi Botir Zaripov Oʻzbekiston hamda Misr davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va teng manfaatli savdo-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy hamkorlik aloqalari soʻnggi yillarda har jihatdan ravnaq topib borayotganidan mamnunligini bildirib, ayni kunda qadimiy va hamisha navqiron Buxoro shahri va uning salohiyati haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Misr Arab Respublikasi delegatsiyasi rahbari, Zargarlik qoʻmitasi raisi Ixab Vasfi Amin Vassef samimiy qabul va mehmondoʻstlik uchun Buxoro viloyati hokimiga oʻz minnatdorchiligini bildirib, ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik rishtalari azaliy tarixga borib taqalishi, hozirda ham arab davlatida Oʻzbekiston, Samarqand va Buxoro haqida yaxshi bilishlari, buyuk alloma Ahmad Fargʻoniy, qolaversa, tib ilmi asoschisi Ibn Sino ilmiy merosidan xabardorligini eʼtirof etdi.
Oʻz navbatida Oʻzbekiston Prezidentining Misrga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yoʻlida tarixiy qadam boʻlganini taʼkidladi. Albatta, amaliy-konstruktiv ahamiyatga ega mazkur tashrif bejiz emasligi, hademay madaniy-ijtimoiy, turizm va hunarmandchilik sohalarida bu oʻz samarasini berishi, qadimiy va hamisha navqiron Buxoroda misrlik investorlar loyihalari amalga oshirilishiga ishonch bildirdi. Delegatsiyaning viloyatga tashrifi kun tartibiga koʻra, ular Buxoroning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi.
SSP matbuot xizmati
02.03.2023
12:50