O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmon doiralari o‘rtasida tekstil sanoatida hamkorlik masalalari muhokama etildi
Rossiya Eksport Markazi tomonidan tashkil etilgan Rossiyaning tekstil sanoatidagi eksportyor ayollar delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida joriy yil 15 mart kuni Toshkent shahrida ikki davlat tekstil korxonalari vakillarining biznes muloqoti tashkil etildi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tadbirga mahalliy tadbirkorlik subʼektlarini jalb etishga ko‘maklashdi. Jumladan, mazkur uchrashuvda Rossiyadan tekstil sanoatida faoliyat yurituvchi 20 tadan ortiq eksportyorlar va O‘zbekistondan tekstil sanoatining 80 ga yaqin tadbirkorlari ishtirok etdilar.
Tadbirni ochilish marosimida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov nutq so‘zlab, o‘z maʼruzasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik munosabatlariga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Bugungi kunda Rossiya O‘zbekistonning tekstil mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha eng asosiy hamkorlaridan sanaladi. 2022 yil yakuniga ko‘ra Rossiyaga respublikamizdan eksport qilingan tekstil mahsulotlari hajmi 1,3 mlrd. dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga O‘zbekistondla aynan tekstil sanoatining o‘rni yil sayin ortib borayotganligi va bu soha iqtisodiyotning yetakchi sanoat tarmog‘iga aylanganligi alohida taʼkidlab o‘tildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston va Rossiyaning tekstil sanoatidagi yetakchi kompaniyalar vakillari, dizaynerlar, brend sohasi ekspertlari tomonidan mavzuga oid taqdimotlar o‘tkazildi.
Tadbirning ikkinchi qismida ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida B2B formatidagi biznes uchrashuvlar tashkil etilib, tekstil mahsulotlarini Rossiyaga yetkazib berish, qo‘shma loyihalarin amalga oshirish, yangi brend mahsulotlarni yaratish borasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
SSP matbuot xizmati
15.03.2023
17:02