Mikromarkazlar tashkil qilish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisi D.Vaxabov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 iyuldagi “Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-331-son qarori hamda Davlat rahbari raisligida 2023 yil 25 yanvar kuni kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi 4-sonli bayoni ijrosi to‘g‘risida hududlardagi masʼullar bilan videokonferensaloqa orqali muhokama qilindi.
Xususan, mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik yo‘nalishlarida tashkil etiladigan mikromarkazlarning manzilli ro‘yxati tasdiqlangan va unga asosan 2023 yil yakuniga qadar jami 127 ta mikromarkazlar tashkil qilinishi masalalari ko'rib chiqildi.
Biroq ushbu vazifa bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar qoniqarsiz ekanligi va bu boradagi ishlarni jadallashtirish, mavjud muammolarni yechimi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Xorazm va Navoiy viloyati hududiy boshqarmalari hamda ularning tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari faoliyatining bugungi kundagi ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlab joriy yilning 9 mart kuni Palata raisi boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlarning ijrosi yuzasidan har bir masʼullarning axboroti eshitildi.
Xususan, "e-auksion" platformasiga kiritilgan davlat aktivlari bo‘lgan bino va inshoatlarni tadbirkorlik subʼektlariga bo‘lib-bo‘lib sotish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish borasidagi topshiriqning hududlarda mazmun mohiyatini tushunib yetgan xodimlarning amalga oshirgan ishlari tinglandi.
Shuningdek, Palataning barcha hududiy boshqarmalari boshliqlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahrirdagi loyihasi bo‘yicha Palata oldida turgan vazifalarni chuqur his qilishi lozimligi qayd qilindi.
SSP matbuot xizmati
17.03.2023
11:05