Respublikamizda oziq-ovqat mahsulotlari arzonlashmoqda
Barchamizga maʼlumki, Yurtboshimizning tashabbuslari bilan mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholiga sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, aholini ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida so‘nggi yillarda bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2022 yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga va monopoliyaga qarshi choralarining taʼsirchanligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan bo‘lib, mazkur qarorning 1-ilovasiga asosan 2023 yil 1 iyulga qadar baʼzi tovarlarga import bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanilishi nazarda tutilgan edi.
Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 23 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-41-sonli Farmoni qabul qilindi. Unga asosan, ichki bozorni birinchi darajali mahsulotlar bilan uzluksiz va kafolatli taʼminlash tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida, jami 36 turdagi tovarlarni olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi belgilanishiga oid imtiyozning 2024 yil 1 yanvargacha qo‘llanilishi belgilandi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur imtiyoz natijasida ushbu ro‘yxatga kiruvchi 36 guruhga mansub 1000 dan ortiq mahsulotlar narxlarining asossiz oshib ketishining oldi olindi.
Jumladan, ushbu mahsulotlar sirasiga go‘sht va sut mahsulotlari, ho‘l meva va sabzavotlar, dukkakli ekinlar, un, kakao, shokolad hamda boshqalar kiritilgan.
Shunisi aniqki, mamlakatimizda sodir bo‘layotgan mazkur ijobiy o‘zgarishlar Prezidentimizning xalqparvar va adolatli siyosatining samarasi deb aytish mumkin.
Bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladigan tovarlar haqida batafsil maʼlumot olish uchun: https://lex.uz/docs/6041630
SSP matbuot xizmati
03.04.2023
14:35