Toshkentda O‘zbekiston-Litva biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 4 aprel kuni O‘zbekiston-Litva biznes-forumi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida “B2B” formatida ishbilarmonlik muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Litva Transport va kommunikatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirni Litvaning Favqulodda va muxtor Elchisi Gintautas Vasiulis, Litva Respublikasi transport va kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Yuliy Skachkauskas va O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Choriyev Jasurbek kirish so‘zi bilan ochdi.
Tadbirda ikki mamlakat davlat idoralari vakillari, milliy kompaniyalari va ishbilarmon doiralari vakillari, xususan, transport, logistika, oziq-ovqat, bojxona, mebel kabi sohalarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ishtirok etdi.
Forum doirasida O‘zbekiston va Litva kompaniyalari rahbarlari ikki mamlakat iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha istiqbolli loyihalar to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazdi.
Tadbir davomida ushbu mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Ishtirokchilar iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, shuningdek, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdilar.
Tadbir yakunida “B2B” muzokaralari bo‘lib o‘tdi, unda tomonlar o‘zaro savdoni faollashtirish hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichiga olib chiqishga qaratilgan logistika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ishbilarmonlik takliflari bilan almashdilar.
SSP matbuot xizmati
04.04.2023
17:58