Oziq-ovqat va xalq isteʼmoli mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkasi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 8 aprel kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan "Do‘stlik bog‘i"da O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Yakkasaroy tuman hokimligi tomonidan tashkil etilgan oziq-ovqat va xalq isteʼmoli mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Yarmarkada O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlaridan 150 ga yaqin tadbirkor va fermerlar ishtirok etdi.
Ushbu oziq-ovqat va xalq isteʼmoli mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkasi aholiga sifatli hamda barcha standartlarga mos, asosiysi, bozor narxidan arzon mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etish maqsadida tashkil etildi.
Savdo yarmarkasida hududiy korxonalar hamda dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan qoramol go‘shti, tuxum, shakar, asal, sut mahsulotlari shuningdek, kartoshka, piyoz, pomidor, o‘simlik va paxta yog‘i hamda un mahsulotlari taqdim etildi.
Ushbu yarmarkada isteʼmolchilar, yurtimiz tadbirkor va fermerlari tomonidan taqdim etilgan mahsulotlarni chakana va ulgurji narxlarda xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Taʼkidlash joizki, bu kabi tadbirlar aholiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlashda va yurtimizning obodligi, elimiz farovonligi yo‘lida xizmat qiladi. Yarmarka 9 aprel kuni ham o‘z ishini davom ettiradi.
SSP matbuot xizmati
08.04.2023
15:41