O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2-3-may kunlari Germaniyaga rasmiy tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochdi.
Davlat rahbari ushbu tashrif chogʻida jahon iqtisodiyotidagi keng koʻlamli va jiddiy zarbalarning yangi voqeliklarida Oʻzbekiston nemis biznesi uchun samarali va ishonchli platformaga aylanishi muhimligi haqida gapirdi.
Mazkur tashrifning mantiqiy davomi sifatida ikki tomonlama munosabatlarni yuqori bosqichga olib chiqish maqsadida, 12 may kuni Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda ikki mamlakat vazirlik va idoralari, shuningdek, biznes doiralari ishtirokida ishbilarmonlar muloqotini tashkil etdi.
Mazkur tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad Savdo-sanoat palatasi bilan Germaniya delegatsiyasi aʼzolari oʻrtasida ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yirik sarmoyaviy loyihalarni taqdim etish va muhokama qilish, shuningdek, hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashdan iborat.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov hamda Germaniya Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish federal vazirligi tashqi savdo departamenti boshligʻi Dominik Shnixels kirish soʻzi bilan tadbirni ochib berdi.
Tadbirda Germaniyaning “yashil” energetika, qishloq xoʻjaligi, kimyo, togʻ-kon sanoati, toʻqimachilik, elektrotexnika sanoati va boshqa sohalarda yirik loyihalarda ishtirok etayotgan kompaniyalari ham ishtirok etdi.
Natijada Oʻzbekiston va Germaniya ishbilarmonlari oʻrtasida B2B boʻyicha muzokaralar olib borilib, bir qator hamkorlik shartnomalari, jumladan, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Germaniya toʻqimachilik uyushmasi – Gesamtmasche oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.
Yakunda tomonlar muzokaralar natijalaridan mamnun ekanligini bildirdi va birgalikdagi tadbirlarni amalga oshirishda kelgusida hamkorlik qilishga kelishib oldi.
SSP matbuot xizmati
12.05.2023
22:38