O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijroda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 23 yanvarida PQ-15-sonli “Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan.
Ushbu qarorda belgilangan vazifalarni ijro etish va qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Savdo-sanoat palatasi faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni (PF–73-son, 17.05.2023 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasining tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari Savdo-sanoat palatasining tuman (shahar) bo‘limlari deb qayta nomlandi.
Endilikda davlat organlari va idoralar tomonidan tadbirkorlikka oid barcha tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini amalga oshirishda Savdo-sanoat palatasi loyiha hamkori sifatida jalb qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o‘z manfaatlari va tadbirkorlik subyektlarining manfaatlari himoyasida O‘zbekiston Respublikasi sudlariga taqdim etadigan ariza, murojaat, shikoyat va da’volari uchun davlat boji to‘lovlaridan ozod etildi.
Savdo-sanoat palatasi daromadlarini shakllantirish manbalariga davlat subsidiyalari ham qo‘shildi.
Prezident farmoni rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.
SSP matbuot xizmati
22.05.2023
14:33